XOQ Rossiya va Belarusga qarshi sanksiyalarni kuchda qoldirdi
Rossiya va Belarus jamoalari 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etmaydi. Shu bilan birga, ikki mamlakat sportchilari neytral bayroq ostida yoki boshqa davlatlarning jamoalari vakili sifatida qatnashishi mumkin.
Rossiya va Belarus jamoalari 2024 yilda Fransiyada bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiada o‘yinlarida ham, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) shafeligida o‘tkaziladigan har qanday tadbirlarda ham ishtirok eta olmaydi. Bu 9 dekabr, juma kuni Lozannada bo‘lib o‘tgan XOQ sammiti Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng Rossiya va Belarusga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni o‘z kuchida qoldirganidan keyin ma’lum bo‘ldi. «Ishtirokchilarning mutlaq ko‘pchiligi Olimpiya kelishuvi va Olimpiya xartiyasini qo‘pol ravishda buzganlik uchun javobgar bo‘lgan Rossiya va Belarus davlatlari va hukumatlariga qarshi sanksiyalar o‘z kuchida qolishi kerak degan fikrga keldi», deyiladi sammit deklaratsiyasida.
XOQning eslatishicha, sanksiyalar Rossiya va Belarusda «xalqaro sport tadbirlari»ni o‘tkazish, shuningdek, har qanday sport musobaqalari yoki uchrashuvlarida ushbu mamlakatlar bayrog‘i, madhiyasi yoki boshqa vositalarni ko‘rsatishni taqiqlashni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga, ikki mamlakat sportchilari neytral bayroq ostida yoki boshqa davlatlarning jamoalari vakili sifatida qatnashishi mumkin.
Sammit ishtirokchilariga 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlariga mezbon bo‘lgan Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning yaqinda sport siyosat quroliga aylanmasligi kerakligi haqidagi bayonoti to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shunga qaramay, ko‘pchilik sanksiyalarning davom etishini qo‘llab-quvvatladi. Deklaratsiyada, xususan, Rossiya va Belarus hukumatlari ayrim sportchilarning musobaqalarda ishtirok etishiga ruxsat berishlari yoki taqiqlashi mumkinligi, bu XOQ etikasi nuqtayi nazaridan qabul qilinishi mumkin emasligi hamda bu holatda xalqaro musobaqalarda rus va belarus ishtirokchilarining xavfsizligiga hech qanday kafolatlar yo‘qligi qayd etilgan.
Boshqa tomondan, sammitda Ukraina bilan birdamlik va Ukraina jamoalarining 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada va 2026 yilda Milanda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlarida yaxshi natijalar ko‘rsatishiga umid bildirildi.
XOQning rossiyalik va belaruslik sportchilarga nisbatan sanksiyalarni o‘z kuchida qoldirish haqidagi qarori asossiz. Bu haqda «Interfaks»ga Davlat dumasi sport qo‘mitasi raisi Dmitriy Svishchev ma’lum qildi. «Rossiya sportiga qarshi sanksiyalar qonunga zid. Biz XOQ qarorlarini qabul qilmaymiz va barcha instansiyalarda rossiyalik sportchilarimiz manfaatlarini himoya qilamiz», - dedi siyosatchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, XOQning Rossiya, Belarusga nisbatan harakatlari va qarorlari «Xalqaro olimpiya qo‘mitasi yaratilgan asosiy tamoyillarni obro‘sizlantiradi».
Mavzuga oid
13:31
O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma korxonalarni ko‘paytirishni muhokama qilyapti
09:59
Ukraina xandaqlarida taqiqlangan CS gazi izlari topildi
00:36
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
21:08 / 18.11.2024