14:22 / 12.12.2022
6498

Eronda yana bir namoyishchi qatl etildi

Eronda qariyb uch oydan beri mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlarining yana bir ishtirokchisi omma oldida osib o‘ldirildi. Erkak "Basij" tuzilmasining ikki a’zosini o‘ldirishda ayblangan.

Foto: AFP

Eronda mamlakatda qariyb uch oydan beri davom etayotgan namoyishlarning yana bir ishtirokchisi qatl qilindi. 12 dekabr, dushanba kuni Majidrizo Rahnavard Eron shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida omma oldida osib o‘ldirildi, deb xabar berdi IRNA axborot agentligi.

Tehronga ko‘ra, noyabr oyida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida Rahnavard Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQK) bo‘ysunuvchi «Basij» harbiylashtirilgan guruhining ikki a’zosini pichoqlab o‘ldirgan. Sud namoyishchiga ayblov qo‘yib, 29 noyabr kuni o‘limga hukm qildi.

Erondagi ommaviy norozilik namoyishlarining birinchi ishtirokchisi qatl etilgani 8 dekabr kuni ma’lum bo‘ldi. 23 yoshli reper Mohsen Shekariy osib o‘ldirilgani xabar qilindi. Eron inqilobiy sudi yigitni 25 sentabr kuni Tehrondagi Sattor Xon ko‘chasini to‘sib qo‘yishda ishtirok etishda va «Basij» a’zosini pichoqlaganlikda aybdor deb topdi. Faolning o‘zi «qonuniy jarayonsiz ko‘rgazmali sud»dan so‘ng o‘limga hukm qilinganini aytdi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Eronni «g‘ayriinsoniylikda» aybladi. Uning fikricha, Shekariy jirkanch va shoshilinch sud jarayonida ayblanib, qatl etilgan. Biroq qatl tahdidi «odamlarning erkinlikka bo‘lgan irodasini bostira olmaydi», deb yozdi u Twitter'da. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi ham hukmni qoraladi, Britaniya diplomatiyasi rahbari Jyeyms Kleverli esa dunyo «Eron rejimining o‘z xalqiga qarshi zo‘ravonlik qilishiga» ko‘zini yuma olmasligini bildirdi.

Eronda ommaviy namoyishlar sentabr oyida, politsiya tomonidan qo‘lga olingan 22 yoshli Mahsa Aminiy o‘limidan so‘ng boshlandi. Namoyishlar 1979 yildagi inqilobdan keyingi eng yirik shunday aksiyaga aylandi – ular mamlakatning barcha viloyatlaridagi 160 ta shaharni qamrab oldi. Shuningdek, 61 xavfsizlik xodimi halok bo‘lgani xabar qilingan. Umuman olganda, OAV xabarlariga ko‘ra, Eron sud tizimi hozirgacha namoyishlar bilan bog‘liq kamida 25 kishini o‘limga hukm qilgan. Huquq himoyachilarining fikricha, Eronda kamida 470 namoyishchi o‘ldirilgan, 18 mingdan ortiq kishi qo‘lga olingan.

Mavzuga oid
Top