«Anorbank» xususiy banki Sof.uz tomonidan e’lon qilingan videomaterial uchun nashrni sudga berib, 10 milliard so‘m moddiy va 5 milliard so‘m ma’naviy zarar undirishni so‘ramoqda. Nashr va bank o‘rtasida yuzaga kelgan ushbu holat jamoatchilik faollari tomonidan salbiy qarshi olindi.
Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov o‘zini haqman deya hisoblagan tashkilot, muammolarga yechim topish o‘rniga, axborot tarqatuvchini sudga bergani haqida yozgan.
«Har qanday OAV biron bir muammoni o‘rganib, jurnalistik surishtiruv o‘tkazar ekan, uning maqsadi shaxsiy manfaatlardan xoli ravishda jamoatchilikka xolis axborotni yetkazishdan iborat.
Afsuski, bugungi kunga kelib barcha tashkilotlar ham ochiqlik siyosatini to‘la-to‘kis anglamagan holda yuqoridagi kabi xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqda. Agarda bank tomonidan o‘z vaqtida murojaatlarga e’tibor berilganda va yechim izlanganida bu muammolar OAVga olib chiqilmas edi», – deydi Olimjon O‘sarov.
Shuningdek, uyushma rahbari tashkilotlar faoliyatining ochiqlik siyosatini buzganlik uchun ham javobgarlik belgilanganini eslatgan hamda holatga xolis, huquqiy baho berilishini so‘ragan.
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja esa OAVga jarima sifatida yuqori summa belgilanishi kelajakda ularning rivojiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini qayd etgan.
«Bu kabi holatlar jahon tajribasida tez-tez kuzatiladi. Bunday keyslarning aksariyatida o‘z obro‘ e’tiboriga ega tashkilotlar obro‘sizlantirilgani bois bunga sababchi bo‘lgan OAVdan ramziy $1 miqdorida pul va nashrning o‘zida rasmiy ma’lumot-raddiya bilan chiqishni talab qilishadi. Sud jarayonni o‘rganib chiqqach, aybsiz topilgan tarafning talablari qondiriladi.
«Anorbank» Sof.uz nashridan qancha mablag‘ talab qilishi bu uning ishi, nashr bu summani to‘lay oladimi-yo‘qmi, bu ham masalaning noaniq tarafi.
Biroq tashkilotlar tomonidan OAVga jarima sifatida noproporsional yuqori summa belgilanishi kelajakda ochiq bo‘lgan OAV rivojiga to‘sqinlik qilishi mumkinligini ham unutmasligimiz kerak»

















