Jahon | 07:37 / 12.12.2022
6350
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlamentdagi korrupsiya ishi bo‘yicha to‘rt kishiga ayblov qo‘yildi

OAV xabarlariga ko‘ra, Qatar bilan bog‘liq korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida Belgiyada hibsga olishga order berilgan to‘rt kishi orasida Gretsiyadan yevrodeputat Yeva Kayli ham bor.

Yeva Kayli / Foto: Alain Rolland/European Union

Yevroparlamentdagi (YeP) korrupsiya mojarosi munosabati bilan Belgiya hukumati to‘rt nafar gumonlanuvchiga ayblov e’lon qildi va ularni hibsga olish uchun order berdi. «Ular jinoiy tashkilotda ishtirok etish, pul yuvish va korrupsiyada ayblanmoqda», — deyiladi prokuraturaning 11 dekabr, yakshanba kuni Bryusselda tarqatilgan bayonotida 

Prokuror ayblanuvchining ismini aytmayapti, ammo AFP sud tizimidagi suhbatdoshiga tayanib yozishicha, ular orasida Gretsiyadan yevrodeputat Yeva Kayli ham bor. Belgiya matbuotiga ko‘ra, Kaylidan tashqari uning parlament maslahatchisi Franchesko Jorji, sotsialistik fraksiyadan Yevroparlamentning italiyalik sobiq a’zosi Per-Antonio Panseri va yana bir nomi oshkor etilmagan Bryussel lobbichisi hibsga olingan.

Yana ikki qo‘lga olingan shaxsni tergov sudyasi ozod qildi. Bu Kaylining otasi va Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasi bosh kotibi Luka Visentini, deya xabar beradi Belgiya OAV.

Ikki kun avval Belgiya politsiyasi Bryusselda jahon chempionati mezboni Qatar tomonidan ehtimoliy korrupsiyani tergov qilish doirasida Kayli va yana besh nafar gumonlanuvchini qo‘lga oldi. Tintuvlar davomida kompyuterlar, mobil telefonlar va 600 ming yevro musodara qilingan.

Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, 10 dekabr oqshomida ushbu tergov doirasida yana bir Yevroparlament deputatining uyi ham tintuv qilingan. Belgiyaning Le Soir gazetasiga ko‘ra, gap Belgiyadan Yevroparlament deputati Mark Tarabella haqida ketmoqda.

Qo‘lga olinganidan keyin Yeva Kayli Yevroparlament vitse-prezidenti sifatida «barcha vakolatlar, majburiyatlar va topshiriqlarni bajarishdan» ozod qilindi, dedi shanba kuni kechqurun Yevroparlament prezidenti Roberta Metsola matbuot kotibi. Avvalroq Yeva Kayli a’zo bo‘lgan Gretsiya sotsialistik partiyasi PASOK uning partiyadan chetlatilganini ma’lum qilgandi.

Yevroparlamentda Kayli Qatar mehnat bozoridagi vaziyatni kuzatuvchi vakillardan biri bo‘lgan, u yerda huquq faollari Osiyo va Afrikadan kelgan mehnat muhojirlari huquqlarining ko‘plab buzilishi holatlarini qayd etishgan.

2022 yilgi jahon chempionati boshlanishidan biroz oldin Kayli Qatar mehnat vaziri bilan uchrashdi va 22 noyabr kuni YePda nutq so‘zlab, Qatardagi mehnat bozori islohotiga ijobiy baho berdi va uni «arab dunyosini ilhomlantiradi» deb atadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid