Jahon | 13:48 / 15.12.2022
9240
4 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga yordam uchun o‘q-dorilar zavodi qurishni boshladi

Shveytsariya ikki marta Berlinga Ukrainaga o‘q-dorilarni reeksport qilishdan bosh tortdi, shundan so‘ng Rheinmetall mudofaa konserni Germaniyada o‘rta kalibrli o‘q-dorilar ishlab chiqaradigan zavod qurishni boshladi. 

Foto: Bild

Berlin so‘roviga javoban Shveytsariya Ukrainaga o‘q-dorilarni reeksport qilish bo‘yicha ikki marta rad javobini berganidan so‘ng, Rheinmetall nemis mudofaa konserni yangi yirik o‘q-dorilar zavodini qurmoqda. O‘rta kalibrli o‘q-dorilarni ishlab chiqarish liniyalari yanvar oyida tayyor bo‘lishi kerak, maqsad Bundesverga o‘q-dorilarni mustaqil yetkazib berishdir, deya xabar qildi dpa axborot agentligi 15 dekabr, payshanba kuni bu haqda qurol konsernidan tasdiqlov olgan holda. 

Rheinmetall vakilining so‘zlariga ko‘ra, asosiy e’tibor Germaniyaning o‘q-dorilar ta’minotini tiklashga qaratilgan bo‘lib, u xorijdagi ishlab chiqarish korxonalaridan mustaqil bo‘ladi. Germaniyada 20-35 mm o‘q-dorilarni ishlab chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi, dedi u. 

Ishlab chiqarish 2023 yil iyun oyida boshlanadi, iyul oyida esa Rheinmetall Gepard o‘ziyurar zenit qurilmalari uchun o‘q-dorilarning birinchi partiyasini yetkazib bera oladi. Shu tariqa, agar federal hukumat tegishli buyruq yuborsa, Ukraina 300 mingtagacha o‘q-dorilar olishi mumkin, dedi konsern vakili. Yangi zavod aynan qayerda qurilayotgani ochiq aytilmagan. 

O‘z navbatida, Bundestag mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Tsimmerman Germaniya mudofaa sanoatining tezkor harakatlaridan juda mamnun ekanligini aytdi. «Kelajakda Germaniyada ko‘proq o‘q-dorilar ishlab chiqariladi, bu bizga kerak», dedi u dpa nashriga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Germaniya NATOdagi hamkorlar bilan birgalikda o‘q-dorilar ishlab chiqarishda mustaqil bo‘lishi nihoyatda muhim». Noyabr oyida Shtrak-Tsimmerman o‘q-dorilar yetkazib berishdan bosh tortgan Shveytsariya pozitsiyasidan shoshilinch xulosa chiqarishga chaqirdi. 

Dpa ta’kidlashicha, Germaniya yaqin yillarda o‘q-dorilar, jumladan, raketalar va artilleriya o‘q-dorilari uchun jami 20 milliard yevrodan ortiq mablag‘ sarflashni rejalashtirmoqda. 

Avvalroq Shveytsariya rasmiylari Berlinga Ukrainaga o‘q-dorilarni reeksport qilishini ikki marta rad etgan edi. Gap Ukrainaga Gepard O‘ZU uchun Shveytsariyada ishlab chiqarilgan snaryadlarni yetkazib berish haqida ketmoqda. Yoz boshida Germaniya Berndagi hukumatdan 12 400 dona shunday snaryadlarni Ukrainaga reeksport qilish uchun ruxsat so‘ragan, biroq bu Shveytsariyaning betarafligi sabab rad etilgan. 

Kuzda Germaniya Mudofaa vazirligi Bernga yangi so‘rov yuborib, g‘alla eksporti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Ukrainadagi infratuzilma va dengiz portlarini himoya qilish zarurligiga ishora qildi. Bunga javoban Shveytsariya rasmiylari betaraflik siyosati so‘rovni qondirishga imkon bermaganini yana bir bor ta’kidladi. Bernning tushuntirishicha, Shveytsariya qonunlari qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan mamlakatlarga qurol eksport qilishni taqiqlaydi. 

Gepard O‘ZU Germaniya Ukrainaga topshirishni va’da qilgan og‘ir qurollarning birinchi turi bo‘ldi. Sentabr oyining oxiriga kelib, Ukrainaga va’da qilingan barcha 30 ta zenit qurilmalari Kiyevga yetkazildi, muammolar boshidanoq Gepard o‘q-dorilari bilan bog‘liq edi. Dastlab, Ukrainaga 60 ming snaryad topshirildi, ammo Ukraina qo‘shinlari o‘q-dorilarni sarflashining yuqori tezligi hisobga olinsa, bu yetarli emas. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid