Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyev: Ukrainada 447 nafar bola halok bo‘ldi
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri 447 nafar bola halok bo‘ldi - bunday ma’lumotlar Ukraina Bosh prokuraturasi ofisi (BPO) tomonidan yuvenal prokurorlarning rasmiy ma’lumotlariga tayangan holda taqdim etilgan.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tajovuzi natijasida 856 nafardan ortiq ukrainalik bolalar turli og‘irlik darajasidagi tan jarohati olgan. Umuman olganda, kamida 1303 nafar bola jabr ko‘rgan.
Ukraina Bosh prokuraturasi ofisi so‘nggi holatlar sifatida 14 dekabr kuni Xersonda 8 yoshli bolaning halok bo‘lishi, shuningdek, Mikolayiv viloyati Bashtanskiy tumani, Novopetrovka qishlog‘ida 16 va 14 yoshli uch opa-singilning o‘qqa tutish natijasida hayotdan ko‘z yumishi voqealarini keltirgan.
Bolalarning aksariyati Donetsk (426), Xarkiv (267) va Kiyev (117) viloyatlarida jabrlangan.
Bundan oldin BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Ukrainadagi urush paytida tinch aholi orasida qurbonlar bo‘yicha yangi statistik ma’lumotlarni e’lon qilgandi.
24 fevraldan 4 dekabrgacha, boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 6702 nafar tinch aholi vakili (424 nafar bola) halok bo‘lgan. 10 479 kishi (775 bola) jarohatlangan.
Avvalroq Ukrainada 40 mingta urush jinoyati qayd etilgani xabar qilingandi.
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri, mamlakat Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 40 mingta harbiy jinoyat qayd etilgan.
Ukraina adliya vaziri Denis Malyuska Germaniyaning Die Welt gazetasiga bergan intervyusida aytishicha, vazifa ikkita aniq jinoyat bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortishdan iborat: «xalqaro huquqqa zid bo‘lgan bosqinchilik harakati va genotsid akti».