Fan-texnika | 19:06 / 17.12.2022
61952
6 daqiqa o‘qiladi

Yilning eng yaxshi smartfoni, tarjimon ruchka va birinchi mobil ofis - hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Tarjimon ruchka

Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi yangi Xiaomi Mijia Dictionary ruchkasini taqdim qildi. Aqlli qurilmaning xitoy va ingliz tillaridagi so‘zlarni to‘g‘ri tarjima qilish aniqligi 99 foizga yetkazilgan.

Xiaomi Mijia Dictionary lazerli skanerlashni qo‘llab-quvvatlaydi va bir vaqtning o‘zida bir necha qator matnlarni o‘qishi mumkin. Nusxalangan matnni tahrirlash va uni chop etish imkoniyati ham mavjud. 

Shuningdek, aqlli ruchka katta ekranga ega. Ikkita mikrofoni ham bo‘lib, ular bir necha metr uzoqlikdan yangragan so‘zlarni anglay oladi va real vaqt davomida matnni ekranda namoyon qiladi. Rus, xitoy, ingliz, yapon, koreys, nemis va boshqa tillarga tarjimani qo‘llab-quvvatlaydi.

Qurilma internetga ulanadi, lekin oflayn holatda ham uning xotirasida 15 millionta so‘z mavjud. Xiaomi Mijia Dictionary’ning narxi 100 dollarni tashkil qiladi.

Yilning eng yaxshi smartfoni

Android Authority nashri Google Pixel 7 Pro’ni 2022 yilning eng yaxshi smartfoni deb topdi. Mutaxassislar qurilmaning kamera imkoniyatlari va Tensor G2 protsessorining ishlashiga alohida e’tibor qaratgan.

Bundan tashqari, reyting mualliflari Google Pixel 7 Pro'dagi yuz bilan ochish funksiyasining takomillashgani, ilg‘or dasturiy ta’minotni qo‘llab-quvvatlash va batareyaning uzoq ishlash muddati kabi xususiyatlarni ham afzalliklar sifatida keltirib o‘tgan.

Android Authority reytingida Google Pixel 7 Pro’dan keyingi pog‘onalarda Samsung Galaxy S22 Ultra, Samsung Galaxy S22 Plus va Oppo Find X5 Pro kabi smartfonlar o‘rin olgan.

Balandligi 2 kilometrlik osmono‘par bino

Foto: meed.com

Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi (PIF) poytaxt Ar-Riyod yaqinida balandligi 2 kilometr bo‘lgan osmono‘par binoni qurishni rejalashtirmoqda. U Dubaydagi (BAA) 828 metrlik Burj Xalifa binosidan ikki barobar baland bo‘ladi. Ayni paytda Saudiya Arabistonidagi eng baland bino Makkadagi Abraj al-Bayt ko‘pqavatli binolar majmuasiga kiruvchi soat minorasi bo‘lib, uning balandligi 601 metrni tashkil qiladi. Bo‘lg‘usi osmono‘par binoning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Loyihaning taxminiy qiymati 5 milliard dollarga teng. 

Daimler’dan birinchi mobil ofis

Foto: Daimler

Daimler kompaniyasining yuk avtomobillar ishlab chiqaruvchi Fuso filiali o‘z shassilaridan birida mobil ofisning konseptual modelini yaratdi

Mobil ofisning asosiy xususiyati — ochilib-yopiladigan kuzovga egaligi. Salonda tabiiy materiallar va yapon dizayni elementlari, masalan, bambuk pollar, tabiiy yog‘och yuzalar va tatami uslubidagi o‘rindiqlar ustunlik qiladi. Qulay ish joyini ta’minlovchi stol va skameykalar ham mavjud. Shuningdek, yig‘ma divan, oshxona va dush bilan jihozlangan. 

Tabiat qo‘ynida vaqt o‘tkazish, ochiq havoda jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish ruhiy salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi sababli, tegishli transport vositalarini ham ishlab chiqarish davr talabiga aylanmoqda, deb hisoblaydi Fuso. Shuning uchun Nomad Pro xodimlarga tabiat bilan bevosita aloqada ishlash imkonini beradi va zamonaviy, individual ish talab qiladigan modellar uchun ko‘plab yangi imkoniyatlarni ochib beradi. 

Haqoratli izoh yozganlar bloklanadi

Foto: Getty Images

YouTube haqoratli izoh yozgan foydalanuvchilarni bloklashni boshlaydi. Dastlab platforma haqoratomuz izohlar qoldirib, qoidalarni buzganlarga bildirishnoma yuboradi. Agar foydalanuvchi bildirishnoma olganiga qaramay, haqoratomuz izohlarni yozishda davom etsa, xizmat ularga 24 soatga qadar boshqa izoh qoldirishni taqiqlaydi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur funksiya muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazilgan. Ushbu amaliyot dastlab ingliz tilida yozilgan izohlar uchun qo‘llana boshlaydi va keyinchalik boshqa tillarga ham targ‘ib qilinishi mumkin.

Xiaomi’ning eng kuchli smartfonlari

Foto: Xiaomi

Xiaomi kompaniyasi Qualcomm Snapdragon 8 Gen 2 protsessori bilan jihozlangan yangi avlod smartfonlari – Xiaomi 13 va 13 Pro modellarini taqdim qildi.

Xiaomi 13, 6.36 dyuymli OLED displeyiga ega, kameralari 10, 12 va 50 megapikselli obektivlar bilan jihozlangan. Akkumulyator sig‘imi – 4500 mA/soat.

Xiaomi 13 Pro esa 6.73 dyuymli OLED displeyi va har biri 50 megapikselli uchta kameraga ega. Akkumulyator sig‘imi – 4820 mA/soat.

Har ikki smartfonning selfi kameralari 16 megapikselli.

14 dekabrdan Xitoyda Xiaomi 13 va 13 Pro smartfonlari quyidagi narxlarda sotuvga chiqarilgan:

Xiaomi 13

  • 8 GB + 128 GB: 3 999 yuan (574$);
  • 8 GB + 256 GB: 4 299 yuan (617$);
  • 12 GB + 256 GB: 4 599 yuan (660$);
  • 12 GB + 512 GB: 4 999 yuan (718$).

Xiaomi 13 Pro

  • 8 GB + 128 GB: 4 999 yuan (718$);
  • 8 GB + 256 GB: 5 399 yuan (775$);
  • 12 GB + 256 GB: 5 799 yuan (833$);
  • 12 GB + 512 GB: 6 299 yuan (905$). 

Mavzuga oid