Rossiyaliklarning Xersonda Dnepr daryosining o‘ng sohiliga o‘tkazilgan va bo‘shagan harbiy bo‘linmalari Donbassning turli nuqtalariga qayta joylashtirildi va safarbar qilingan kuchlar bilan kuchaytirildi. Katta ehtimol bilan, Rossiya qo‘shini noyabr oyida Vugledar va Pavlovka hududlarida erishilgan muvaffaqiyatlarni mustahkamlash uchun Donetsk oblastining g‘arbiy qismida hujum boshlashga umid qilmoqda, deya yozadi ISW.

Uning ekspertlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini Luhansk oblastining ichkari hududlaridan front chizig‘iga og‘ir texnikalarni olib kelmoqda.

Sovuq kunlar kelishi bilan Rossiya armiyasi Ukrainaning Luhansk va Donetsk oblastlarida butun front chizig‘i bo‘ylab faollashgani sezilgan. Rossiyaliklarning Baxmut hududidagi hujumlari davom etmoqda - shaharga sharq tomondan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilinmoqda, shuningdek janubdan aylanib o‘tish (Opitnoye va Kurdyumovka hududlaridan) orqali va shimoldan (Soledar atrofidan) hujumlar amalga oshirilmoqda.

Donetskning shimoli va g‘arbidagi Ukraina nazoratida bo‘lgan hududlar - Avdeyevka va Marinka aholi yashash manzillari uchun janglar boshlangan. Oblast markazidan janubi-g‘arbdagi Novomixaylovkaga bosim davom ettirilmoqda. Rossiya bo‘linmalari Luhansk oblastida ham - Svatovo va Kreminna hududlarida qarshi zarba berishga urinmoqda.

«Ular 30 kishidan iborat bo‘lgan guruhlar bilan kelishda va biznikilarni siqib chiqarishga urinishda davom etishmoqda. Qurbonlar ko‘pligi ularni tashvishlantirmaydi. Biri yiqilsa boshqasini qo‘yishadi, kelishadi, kelishadi va yana kelishadi, bizni barcha tomondan o‘rab olishga intilishadi. Zombilar kabi yopirilishadi, ularni hech narsa to‘xtata olmaydi», deya hikoya qiladi Baxmut atrofida jang qilayotgan ukrain harbiylaridan biri.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin ham Baxmut atrofida «qonli janglar ketayotgani» haqida aytgan: «Raqib shundan darajada qarshilik ko‘rsatmoqdaki, bunaqasi so‘nggi yuz yillikda hali kuzatilmagan».

Pravda.Ru portali muxbirining Baxmut atrofidagi Opitnoye posyolkasi egallangani haqida tarqalgan xabarlar (Rossiya nashrlari bu haqda bir necha bor xabar tarqatgan) qanchalik haqiqatga yaqinligi haqidagi savoliga javoban Prigojin shunday javob qaytargan: «Sakramay sakradim deyishga shoshilma. «Vagner» shturmchi otryadlarida shunday qoida bor - biror aholi yashash manzili egallanganida, bu haqda ikki kun hech kimga aytilmaydi. Raqibning barcha qarshi hujumlariga bardosh bering va shunday keyin xabar qilib, Rossiya bayrog‘ini ko‘taring».