Jahon | 13:41 / 20.12.2022
8946
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh BMT bosh kotibini Rossiya tahdidlariga yon berganlikda aybladi

Guterrish «Rossiya tahdidlariga yon berdi» va Eron dronlarini Rossiyaga yetkazib berish masalasini tekshirish uchun Kiyevga maxsus guruh yubormayapti, degan fikrda AQSh.

Foto: Anadolu agency

AQSh BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni Ukrainaga Rossiya haqiqatan ham hujumlar uchun Eron dronlaridan foydalanayotganini tekshirish uchun rasmiy shaxslarni jo‘natmaganlikda hamda «Rossiya tahdidlariga yon berganlikda» aybladi. Bu haqda 20 dekabr, seshanba kuni Reuters agentligi xabar qilyapti.

«Biz BMTning ushbu qoidabuzarlik haqidagi da’vo bo‘yicha normal tekshiruv o‘tkazish uchun hech qanday choralar ko‘rmaganidan afsusdamiz. Kotibiyat Rossiya tahdidlariga aniq yon berib, ushbu kengash bilan berilgan tergov topshirig‘ini bajarmaganidan g‘azabdamiz», dedi AQShning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Robert Vud BMT Xavfsizlik kengashining 19 dekabrdagi yig‘ilishida. 

Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, AQSh va Ukraina Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchoqlarning Rossiyaga yetkazib berilishi BMT Xavfsizlik kengashining 2015 yilda qabul qilingan Eron bilan yadroviy kelishuvni ta’minlashga qaratilgan rezolyutsiyasini buzishini da’vo qilmoqda. Ular Guterrishdan Kiyevga tekshiruv o‘tkazish uchun rasmiylarni yuborishini istashmoqda.

BMT bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Di Karlo BMT kotibiyatiga ushbu mamlakatlardan yozma so‘rovlar kelib tushganini tasdiqlab, ma’lumotlarni o‘rganish va xulosalarni Xavfsizlik kengashiga yetkazishga va’da berdi. Guterrishning ta’kidlashicha, uchuvchisiz uchoqlar masalasi «urush masalasi bo‘yicha qilayotgan barcha ishlarning kengroq kontekstida ko‘rib chiqilmoqda, ya’ni rasmiylarni Kiyevga qachon yuborish kerakligini aniqlash uchun».

Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy Eron Xavfsizlik kengashi tomonidan taqiqlangan biror narsani Rossiyaga o‘tkazmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fevral oyigacha Rossiyaga yetkazilgan Eron dronlari kengash tomonidan taqiqlanmagan va «Ukrainada davom etayotgan mojaroda foydalanish uchun o‘tkazilmagan».

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Eronning uchuvchisiz uchoqlarini yetkazib berish va undan foydalanish haqidagi ayblovlarni «o‘ylab topilgan» deb atadi. «Biz bilamizki, Kiyev vakillari hanuzgacha Tehronga ikki tomonlama kanallar orqali rossiyalik harbiylar tomonidan kelib chiqishi Eronga mansub uchuvchisiz uchoqlardan foydalanilganiga oid hujjatli dalillarni taqdim eta olmayapti», — dedi u.

Ukraina va boshqa bir qator davlatlar Eronni Rossiyaga «Shohid-136» zarba beruvchi kamikadze dronlarini yetkazib berishda ayblamoqda, Rossiya ularni go‘yoki o‘zining «Geran-2» dronlari sifatida yashirmoqda. Bunday yuklar Eron va olti vositachi: Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Rossiya va AQSh o‘rtasida 2015 yilda imzolangan BMT Xavfsizlik kengashining 2231-rezolyutsiyasini buzadi.

Moskva bu ayblovlarni rad etib, o‘zi ishlab chiqargan dronlardan foydalanayotganini da’vo qilmoqda. Noyabr oyi boshida Eron Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berilganini, biroq bu «oz miqdorda» va Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan bir necha oy oldin amalga oshirilganini tan olgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid