Jahon | 17:05 / 21.12.2022
4191
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyani tajovuzkor davlat sifatida tan olishga tayyorlanyapti

Foto: Reuters

AQSh kongressi Ukrainadagi urush tufayli Rossiyani tajovuzkor davlat sifatida tan oladigan qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Tegishli hujjat loyihasi allaqachon Oq uy ma’muriyati bilan muhokama qilinyapti, deb xabar berdi The Hill.

AQSh kongressi Rossiyani Ukrainaga qarshi urushi tufayli tajovuzkor davlat sifatida tan oladigan qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Natijada Vashington Rossiyani terrorizm homiysi sifatida tan olishdan qochish imkoniga ega bo‘ladi, deb yozadi The Hill 21 dekabr, chorshanba kuni xabardor manbalarga tayanib. 

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, ayni paytda qonun loyihasi matni AQSh prezidenti Bayden ma’muriyati bilan muhokama qilinmoqda. U qabul qilinsa, Amerika prezidenti Rossiya va istalgan davlatni «Ukrainaga qarshi tajovuzkorlik harakatlariga aloqador» deb hisoblasa, uni tajovuzkor davlat deb e’lon qilishi mumkin bo‘ladi. Hujjat, shuningdek, AQSh prezidentiga «tajovuz uchun mas’ul bo‘lgan yoki unga aloqador bo‘lgan har qanday shaxsga nisbatan sanksiyalar qo‘llash imkonini beradi», deb ta’kidlaydi gazeta. 

Shu bilan birga, qonun loyihasi tanqidchilari bu qo‘shimchalar keraksiz ekanligini ta’kidlamoqdalar, chunki Bayden ma’muriyati allaqachon Rossiyaning yuqori martabali amaldorlariga qarshi sanksiyalar kiritgan. Shuningdek, ular «tajovuzkor davlat» atamasi «terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» atamasidan kuchsizroq eshitilayotganidan norozi.

The Hill ismini keltirmagan Ukraina rasmiylarining nashrga aytishicha, tajovuzkor davlat maqomi ularning Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish haqidagi iltimosiga mos kelmaydi, biroq Kiyev bu chorani qo‘llab-quvvatlashi mumkin, ayniqsa bu agressor davlatga qarshi «jazolash uchun qo‘shimcha vositalar»ni ishlab chiqishda yordam berishi mumkin.

23 noyabr kuni Yevroparlament Rossiyani Ukrainaga qarshi urush munosabati bilan terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat yuridik kuchga ega emas va maslahat xarakteriga ega, chunki Yevropa Ittifoqi qonunchiligida hali «terrorizm homiysi bo‘lgan davlat» tushunchasi mavjud emas. Ayrim Yevropa Ittifoqi davlatlari, jumladan, Litva, Latviya, Polsha va Estoniya ham xuddi shunday tahrirdagi o‘z rezolyutsiyalarini qabul qildi. 

Yevropa Ittifoqidan farqli o‘laroq, «terrorizm homiysi» tushunchasi mavjud bo‘lgan AQShda tegishli davlatlar ro‘yxati Davlat departamenti tomonidan tuziladi. Ayni paytda uning tarkibiga Suriya, Eron, Shimoliy Koreya va Kuba kiradi. AQShning har qanday davlatni terrorizm homiysi sifatida tan olishi jiddiy cheklovlar - mudofaa sektori uchun tovarlar eksportini taqiqlash, ikki tomonlama maqsadli mahsulotlar eksportini nazorat qilish, moliyaviy va boshqa cheklovlarni nazarda tutadi. Biroq, bu choralar Rossiya uchun anchadan beri mavjud. 

Mavzuga oid