Jahon | 11:12 / 22.12.2022
8076
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya kosmik sanoatining yo‘qotishlari 50 mlrd rublni tashkil qilishi mumkin

Birgina o‘tgan yilning o‘zida Roskosmosning zarari 31 milliard rublni tashkil qilgan. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javoban G‘arb sanksiyalari tufayli vaziyat yanada og‘irlashdi.

Foto: Picture Alliance

Joriy yil natijalariga ko‘ra, Rossiya kosmik sanoatining yo‘qotishlari 50 mlrd rubldan oshishi mumkin. «Bugungi kunda Roskosmosdagi moliyaviy-iqtisodiy vaziyat shuni ko‘rsatadiki, yumshoq qilib aytganda, bu yerda hammasi joyida emas. 2021 yilda davlat korporatsiyasining zarari 31 milliardni tashkil etdi», - dedi Roskosmos davlat korporatsiyasi rahbari Yuriy Borisov 21 dekabr, chorshanba kuni «Vedomosti» nashriga intervyuda.

«24 fevraldan keyin yuzaga kelgan vaziyatni - bir qator xalqaro shartnomalar, jumladan, dvigatellarni yetkazib berish, ishga tushirish xizmatlarini rad etishni hisobga olsak, hammasi yomonlashdi. 2022 yil oxirigacha rejalashtirilgan yo‘qotishlar 50 milliard rubldan oshadi», - dedi Borisov. Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘qotishlarning asosiy manbasi «korxonalar ishini noto‘g‘ri tashkil etish bilan» bog‘liq.

«Kompaniyalar davlat buyurtmasi yoki davlat korporatsiyasining o‘zi buyurtmalarini bajarishni zimmasiga oldi, lekin ularni o‘z vaqtida bajarmadi. Sabablari boshqacha - elektron komponentlar bazasini yetkazib bermaslikdan tortib, mehnat intizomi, jarayonni noto‘g‘ri tashkil etishgacha», deb tushuntirdi Roskosmos rahbari.

Yuriy Borisov, shuningdek, davlat korporatsiyasining debitorlik qarzlari hajmi kamayganini e’lon qildi. «U (qarz) pasayib bormoqda. Menejyerlar sifatida bizga ham, Moliya vazirligiga ham nazorat qiluvchi organ sifatida mos keladigan oqilona chegaralargacha, 2024 yil o‘rtalariga qadar qisqartiramiz», deb umid qilmoqda Roskosmos bosh direktori.

3 mart kuni o‘sha paytda Roskosmosga rahbarlik qilgan Dmitriy Rogozin davlat korporatsiyasi AQSh sanksiyalariga javoban AQShga raketa dvigatellarini yetkazib berishni to‘xtatayotgani haqida xabar berdi. U, shuningdek, Roskosmos AQShga yetkazib berilgan Rossiyaning RD-180 raketa dvigatellariga texnik xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishi haqida ma’lum qildi. Uning prognozlariga ko‘ra, Rossiyaning Amerika raketalari uchun raketa dvigatellarini yetkazib berishdan bosh tortgani sababli AQShga yetkazilgan zarar taxminan 4 milliard dollarni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, Roskosmos bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Maksim Ovchinnikov AQShga dvigatellarni yetkazib berish "Energomash"ga o‘z daromadining uchdan bir qismini - yiliga 10-12 milliard rublni olib kelishini aytdi. 24 fevral kuni, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng, AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya kosmik sanoatiga qarshi sanksiyalarni e’lon qildi. Bunga javoban Rogozin Fransiya Gvianasidagi Kuru kosmodromidan «Soyuz» raketalarini uchirish to‘xtatilishi va u yerdan rossiyalik mutaxassislar chaqirib olinishini e’lon qildi.

Mavzuga oid