Prezident Administratsiyasi rahbarining jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati uchun mas’ul o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning jamiyatda o‘qituvchilarning o‘rni, ularning mavqeyini tubdan qayta ko‘rib chiqish shartligi, o‘qituvchilarni kasbiy faoliyatidan tashqari turli majburiy mehnat va ommaviy tadbirlarga jalb qilishga qarshi ma’muriy va hatto jinoiy javobgarlikka tortish borasidagi tashabbusi nafaqat mamlakatimizda, balki yaqin qo‘shni davlatlarda ham keng jamoatchilik va davlat arboblari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilar qadri, ularning haq-huquqlarini himoya qilish haqida shunday degandi:
«Afsuski, farzandlarimizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi «massovka», matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi.
Endi bu ishlarni to‘xtatish vaqti keldi. Chunki o‘qituvchilar qadrini ko‘tarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz. O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti».
Saida Mirziyoyeva o‘qituvchining qadri ham, qaddi ham baland bo‘lgan jamiyat qurish kerakligini, butun jamiyat o‘qituvchini himoya qilib, uni majburiy mehnatga, turli qo‘shimcha ishlarga jalb qilishga qarshi tursagina, bunga erisha olish mumkinligini ta’kidlagandi.
Uning bu chiqishini birinchilardan bo‘lib Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi spikeri o‘rinbosari Boris Chernishov hamda deputat Artyom Kiryanov yoqlab chiqib, Rossiya ta’lim tizimida ham o‘qituvchilarning obro‘-e’tiborini yuksaltirish chora-tadbirlarini ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidlashgan. Rossiyada kelasi yil «O‘qituvchilar va murabbiylar yili» deb e’lon qilingan.
«Rossiyada pedagog va murabbiylar yili kirib kelar ekan, bu masalalar bizning mamlakat uchun ham dolzarb. Shuning uchun kelgusi yilda biz o‘qituvchilarimizni qo‘llab-quvvatlaymiz», deydi Chernishov.
Kiryanov Saida Mirziyoyevaning o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb etishni bas qilishni taklif qilgan chiqishi barcha hududlarda jamoatchilik e’tiborini tortganini ta’kidlaydi.

















