Prezident administratsiyasi ijro etuvchi apparatining kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva «Zakovat» intellektual olimpiadasi doirasida breyn-ring o‘yinlari finalida chiqish qilib, har bir zakovatchi ortida turgan ustozlar haqidagi fikrlarini bildirdi.

«Afsuski, farzandlarimizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar yillar davomida haq-huquqsiz, himoyasiz, qadrsiz bo‘ldi. Ulardan bog‘bon, farrosh, maktabga kelgan komissiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi ofitsiant, zerikarli tadbirlarda bo‘sh zallarni to‘ldiruvchi «massovka», matbuot nashrlariga majburiy obunachi, tungi navbatchi va maktab qorovuli sifatida foydalanildi.

Endi bu ishlarni to‘xtatish vaqti keldi. Chunki o‘qituvchilar qadrini ko‘tarmas ekanmiz, hech narsaga erisha olmaymiz.

O‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqildi va tez orada qabul qilinishi kutilyapti. Bugungi intellektual olimpiada g‘oliblarini chin dildan tabriklayman!» — dedi Mirziyoyeva.

Noyabr oyi boshida O‘zbekistondagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘qituvchilariga ta’lim berishdan tashqari ortiqcha vazifalar, jumladan, mahallalarda uyma-uy yurib, xatlov qilishga majburlanayotgani xabar qilingan edi. Shundan so‘ng Prezident administratsiyasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi hamda tegishli mutassaddilarga o‘qituvchilar zimmasiga yuklatilgan barcha ortiqcha vazifalarni inventarizatsiya qilish hamda ularni taqiqlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma berildi.