O‘zbekiston | 21:19 / 22.12.2022
34072
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning bosh archasini o‘rnatishga kamida 1,5 mlrd so‘m sarflandi

Davlat buyurtmasi yana tendersiz berilgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri tanlab olingan kompaniya begona emas – oxirgi paytlarda shahardagi ko‘plab bayram va festivallarni tashkillashtirish hech qanday tanlovsiz “Media Globe” MChJga topshirilyapti.

Foto: Kun.uz

Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi Yunusobod tumani, Istiqlol ko‘chasidagi maydonga yangi yil bosh archasini o‘rnatish tadbirlari uchun “Media Globe” MChJ bilan 1 535 358 188 so‘mlik shartnoma tuzdi.

Shartnoma tender o‘tkazilmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan.

Kun.uz avvalroq poytaxt hokimligi o‘tkazgan 6 ta festival 18,2 mlrd so‘mga tushgani, ularda ham shartnomalar tendersiz tuzilganiga e’tibor qaratgandi. Bir necha oy oldin tugab bo‘lgan tadbirlarni o‘tkazish uchun formal ravishda tender o‘tkazilgan holatlar ham bor. “Media Globe” MChJ o‘sha festivallar ortidan ham qator davlat buyurtmalarini qo‘lga kiritgan:

  • “Tashkent Opera Fest” uchun — 6 mayda 900 mln so‘m, 9 iyunda 931 mln so‘m va 868 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar;
  • “Tashkent Flower Fest” uchun — 31 may kuni 700 mln so‘m, 3 iyun kuni 840 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar.

Bu ikkita festival doirasida Media Globe bilan umumiy 4,2 mlrd so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Bundan tashqari, joriy yil 30 iyunda Yoshlar kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tematik pavilonlar dekoratsiyasi uchun Toshkent shahar hokimligi “Media Globe” MChJ bilan tendersiz 3,5 mlrd so‘mlik shartnomalar (№21, №22, №24, №31) tuzgan.

Yangi yil bosh archasini o‘rnatish va tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq hokim qarorini esa e-qaror tizimidagi ochiq turgan qarorlardan topishning imkoni bo‘lmadi. Qaror “hujjat mazmunida shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli” deb yashirib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Bu kabi holat poytaxt hokimligi qarorlarida tez-tez uchrab turadi.

Ma’lumot uchun, 2022 yil davomida Toshkent shahar hokimligining qator tadbirlarini tashkillashtirish uchun kamida 9 mlrd so‘mlik buyurtmani tendersiz olgan “Media Globe” MChJga 100 foiz ulush bilan Zufarov Jahongir Xayrullayevich egalik qiladi. Kompaniya direktori ham uning o‘zidir. Korxona 2021 yil yanvar oyida tashkil etilgan.

Mavzuga oid