Tanlovsiz shartnomalar va post-faktum tenderlar: Toshkentdagi festivallar 4 ta firmaga bo‘lib berilgan
Poytaxt hokimligi 6 ta festival uchun 18,2 mlrd so‘m sarflagan. Qator shartnomalar tendersiz tuzilgan. Qo‘shimcha ravishda o‘tkazilgan tenderlar festivallar o‘tib bo‘lganidan bir necha oy keyin tashkil etilgan va ularda ham to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomani olgan firmalar g‘olib deb topilgan. Shahar hokimi bu festivallarga pul ajratish haqidagi qarorlarini ommadan yashirgan.
Toshkent shahar hokimligi 2022 yilning may-avgust oylarida o‘tkazilgan 6 ta tadbirga 18,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratgan.
Bular – gullar festivali, opera festivali, san’at oyligi, taomlar festivali, musiqa festivali, muzqaymoq festivali.
Shahar hokimining bu tadbirlarga pul ajratish haqidagi qarori avvaliga e-qaror tizimida yashirib qo‘yilgan, keyinroq Adliya vazirligining bir martalik talabi bilan qaror tizimda paydo bo‘ldi.
18,2 mlrd so‘m mablag‘ tadbirlarni tashkil etish uchun Toshkent shahar madaniyat va turizm boshqarmalariga o‘tkazib berilgan. Har ikki boshqarma xususiy tashkilotchi kompaniyalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlab olgan, festivallar bo‘lib o‘tganidan bir necha oy o‘tib tenderlar o‘tkazgan. Tendersiz shartnomalarni qo‘lga kiritgan kompaniyalar keyinroq tenderlarda ham g‘olib deb topilgan.
Toshkent hokimi juda ko‘p qarorlarini ommadan yashiryapti
Toshkent shahar hokimining 520-14-0-Q/22 sonli qarori bilan opera festivali uchun Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasiga 2 mlrd so‘m mablag‘ o‘tkazilgan.
Bu qarorning skanerlangan nusxasi davlat xaridlari portalida bor. Lekin e-qaror tizimida yashirib qo‘yilgan. Sabab esa – “ushbu hujjat mazmunida shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi”.
2 betlik qarorni o‘qib chiqib, unda foydalanish cheklangan axborot yo‘qligini, ya’ni yuqoridagi sababga zid ekanini ko‘rish mumkin. Shu tariqa, hokimlar o‘z qarorlarini qonunchilikka zid ravishda yashirib qo‘yayotgani bo‘yicha shubhalar yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Avvalroq Adliya vazirligining bayonotidan ma’lum bo‘lgan ediki, hokimlar E-qaror tizimi orqali qarorlarga elektron imzo qo‘yayotgan paytda, bu hujjatni ochiq e’lon qilish yoki qilmaslikni o‘zlari hal qiladi. Bundan ko‘rinadiki, hujjatlarni tizimda yashirib qo‘yish hokimlikda ishlovchi boshqa xodimlar emas, shaxsan hokimning o‘z tashabbusi bilan bo‘lyapti.
Masalan, Jahongir Ortiqxo‘jayev 5 dekabr kuni 12 ta qaror qabul qilgan, ammo shundan 10 tasi yuqoridagi “sabab” bilan yashirib qo‘yilgan.
“Tashkent Opera Fest” – 4 mlrd so‘m
Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi opera festivali uchun 2022 yil 6 mayda “Profi Event” MChJ bilan 1,1 mlrd so‘m, “Media Globe” MChJ bilan 900 mln so‘m, 9 iyunda yana “Media Globe” MChJ bilan 931 mln so‘m va 868 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzgan.
Qizig‘i shundaki, 3 noyabrga kelib madaniyat boshqarmasi opera festivali uchun raqs guruhlarini tashkil qilishga tender o‘tkazgan. Ushbu tenderda “Profi Event” MChJ g‘olib deb topilgan va qariyb 260 mln so‘mlik shartnoma imzolangan. May oyida o‘tkazib bo‘lingan tadbir uchun noyabr oyiga kelib tender o‘tkazilgani e’tiborga molik.
“Tashkent Food Fest” – 1,8 mlrd so‘m
Madaniyat boshqarmasi taomlar festivali uchun 31 may kuni “Profi Event” MChJga 950 mln so‘m va 550 mln so‘m mablag‘larni to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma orqali o‘tkazib bergan.
Festival avgust oyida bo‘lib o‘tgan, lekin boshqarma festival doirasidagi bezak berish ishlari uchun 24 oktyabrdan 31 oktyabrga qadar tender o‘tkazgan. Tenderni “Profi Event” MChJ yutgan va boshqarma bilan 3 noyabr kuni 301 mln so‘mlik shartnoma imzolagan.
“Tashkent Flower Fest” – 3,4 mlrd so‘m
Madaniyat boshqarmasi gullar festivali uchun 6 may kuni “Modern Celebration” MChJ bilan 794 mln so‘m va 764 mln so‘m, 31 may kuni “Media Globe” MChJ bilan 700 mln so‘m, 3 iyun kuni esa 840 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzgan.
Festival may oyida bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, uning doirasidagi boshqa xizmatlar uchun 24 oktyabrdan 31 oktyabrgacha tender o‘tkazilgan. Tenderni “Modern Celebration” MChJ yutgan va 3 noyabr kuni 317 mln so‘mlik shartnoma olgan.
“Tashkent Art Week” – 750 mln so‘m
Madaniyat boshqarmasi san’at haftaligi uchun 31 may kuni “Modern Celebration” MChJ bilan 350 mln so‘m va 150 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzgan.
Bu festival iyun oyida o‘tkazilgan bo‘lsa-da, uning doirasidagi boshqa xizmatlar uchun 24 oktyabrdan 31 oktyabrga qadar tender o‘tkazilgan. Unda “Modern Celebration” MChJ g‘olib deb topilgan va u 3 noyabr kuni 249 mln so‘mlik davlat buyurtmasini qo‘lga kiritgan.
“Tashkent Music Fest” – 4,8 mlrd so‘m
Madaniyat boshqarmasi musiqa festivallari uchun 21 iyun kuni “Perfect Organizer” MChJ bilan 950 mln so‘m, 880 mln so‘m va 570 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzgan.
Sentyabr oyida o‘tkazib bo‘lingan bu tadbir doirasidagi boshqa xizmatlar uchun 24 oktyabrdan 31 oktyabrga qadar tender bo‘lib o‘tgan. Tenderni “Profi Event” MChJ yutgan va u bilan 3 noyabr kuni 1,5 mlrd so‘mlik shartnoma tuzilgan.
Bundan tashqari, boshqarma tadbir doirasidagi boshqa xizmatlar uchun 3 noyabrdan 11 noyabrga qadar yana bitta tender o‘tkazgan. Bu tenderda ham “Profi Event” MChJ g‘olib bo‘lgan va 14 noyabr sanasi bilan 907 mln so‘mlik shartnoma rasmiylashtirilgan.
“Tashkent Dance Fest” – 2,3 mlrd so‘m
Madaniyat boshqarmasi raqs festivali uchun 6 sentabrda “Perfect Organizer” MChJ bilan 1 mlrd so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan.
Sentyabr oyida o‘tib bo‘lgan bu tadbir doirasidagi boshqa xizmatlar uchun 24 oktyabrdan 31 oktyabrga qadar tender o‘tkazilgan. Tenderni “Modern Celebration” MChJ yutgan va boshqarma bilan 3 noyabr kuni 1,3 mlrd so‘mlik shartnoma imzolagan.
“MuzzDay Fest” – 1,8 mlrd so‘m
Toshkent shahar Turizm boshqarmasi muzqaymoq festivali uchun “Profi Event” MChJ bilan 14 iyulda 368 mln so‘mlik, 25 iyulda qariyb 532 mln so‘mlik to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzgan.
Festival iyul oyida bo‘lib o‘tgan, lekin uning doirasidagi boshqa xizmatlar uchun 22 oktyabrdan 28 oktyabrga qadar tender o‘tkazilgan. Tenderni ham “Profi Event” MChJ yutgan va 1 noyabr kuni qariyb 894 mln so‘mlik davlat buyurtmasi rasmiylashtirilgan.
Shu tariqa poytaxtda o‘tkazilgan festivallar 4 ta kompaniyaga bo‘lib berilgan.
Ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarsiz ishlangan. To‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalarga qo‘shimcha ravishda o‘tkazilgan tenderlarning barchasi tadbirlar tugagandan keyin, bir necha oy o‘tib “tashkillashtirilgan”.
6 ta festival bo‘yicha umumiy 18 mlrd so‘mlik davlat buyurtmalari bu 4 ta firma o‘rtasida quyidagicha taqsimlangan:
- Profi Event – 6,5 mlrd so‘m;
- Media Globe – 4,2 mlrd so‘m;
- Modern Celebration – 3,9 mlrd so‘m;
- Perfect Organizer – 3,4 mlrd so‘m.
4 ta MChJning ikkitasi 2021 yilda, ikkitasi 2022 yilda ochilgan. E’tiborlisi, ularning aksariyatida (to‘rtta korxonadan uchtasida) korxonaning 100 foizlik ta’sischisi bo‘lgan shaxs uning rahbari ham hisoblanadi (uchta firmaning yuridik egalari – uch nafar alohida jismoniy shaxslar) va ular ana shu bitta firmadan tashqari boshqa hech qaysi korxonaning ta’sischisi yoki rahbari emas.
Faqatgina Profi Event'ning yagona ta’sischisi Abduboriyxo‘ja Abduvosiqovning nomida boshqa firma ham bor: u “Autograph Event” xususiy korxonasining ham yagona ta’sischisidir. Autograph savdo belgisi birmuncha vaqt oldin Jahongir Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasiga tegishli bo‘lgan.
Kun.uz tenderlarsiz shartnomalar qilingani, o‘tkazilgan tenderlar esa post-faktum bo‘lgani yuzasidan izoh so‘rab, Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga murojaat qildi. Matbuot xizmati agar savollarimiz bo‘lsa, xat bilan chiqishimiz kerakligini bildirdi.
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024