Jahon | 22:13 / 24.12.2022
15977
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng boy odamlar bu yil deyarli 2 trillion dollar yo‘qotdi

Forbes USA hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda dunyoning eng boy odamlari 1,9 trillion dollar yo‘qotgan va ba’zilari hatto milliarderlar safidan butunlay chiqib ketgan.

Foto: Getty Images

2022 yil ko‘plab muvaffaqiyatli tadbirkorlar uchun og‘ir kechdi. 2020 va 2021 yillarda dunyoning eng badavlat kishilarining umumiy boyligi trillionlab dollarga oshgan edi, biroq bu yil ular birja bozoridagi bo‘hronlar, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va keskin inflatsiya kabi salbiy holatlarga duch keldi.

Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yilda butun dunyo bo‘ylab milliarderlar 1,9 trillion dollar yo‘qotgan. 9 dekabr holatiga ko‘ra, ularning umumiy boyligi 13,8 trillion dollardan 11,9 trillion dollarga tushgan. Forbes USA ma’lumotlariga ko‘ra, milliarderlar soni ham 2671 dan 2523 nafarga kamaydi.

2022 yilda umumiy hisobda 1 trillion dollar yo‘qotgan 300 nafar texnologik milliarder eng ko‘p zarar ko‘rdi.

Amazon aksiyalari deyarli 50 foizga tushib ketdi, buning natijasida uning asoschisi Jyeff Bezosning boyligi 80 milliard dollar yo‘qotdi. Google egasi Alphabet aksiyalari esa 36 foizga tushib ketdi va uning ta’sischilari Larri Peyj va Sergey Brin boyligi 40 milliard dollarga kamaydi. Microsoft aksiyalari 9 dekabr holatiga ko‘ra 27 foizga arzonlashdi, bu ta’sischi Bill Geyts va sobiq bosh direktor Stiv Balmerning sof boyligini kamaytirdi. Mark Tsukerberg joriy yilda taxminan 78 milliard dollar yo‘qotdi, chunki Meta Platforms aksiyalari 66 foizga arzonlashdi.

2022 yilda eng ko‘p yutqazgan bu albatta Ilon Mask. Forbes uni «avtomobil milliarderi» deb tasniflaydi, chunki boyligining katta qismi elektromobil ishlab chiqaruvchi Tesla bilan bog‘liq. Ushbu kompaniya aksiyalari qiymati 60 foizga tushib ketdi, oqibatda, Mask 2022 yilda 115 milliard dollardan ko‘proq yo‘qotdi. Yil boshida u fransiyalik hashamat qiroli Bernar Arnoni 70 milliard dollarga ortda qoldirib, sayyoradagi eng boy odam edi. Mask shu oy boshida Arnoga birinchi o‘rinni boy berdi va uning boyligi pasayishda davom etmoqda.

COVID-19 muammolari, ichki norozilik va global talabning pasayishiga duch kelgan xitoylik milliarderlar jami 620 milliard dollar yo‘qotdi. Eng katta pasayish Alibaba asoschisi Jyek Ma bilan bog‘liq bo‘ldi - minus 13,1 milliard dollar. Ko‘chmas mulk qiroli Yan Xueyyan (minus 11,6 milliard dollar) va butilkali suv magnati Chjun Shanshan (minus 11,3 milliard dollar) ham katta zarar ko‘rdi.

Biroq, hammaning ham ishlari yomon emas. Investitsiya va sport magnati Todd Bouli va modeler Tom Ford bu yil milliarderlar safiga qo‘shildi. Shuningdek, elektron tijorat giganti Pinduoduo ortidagi xitoylik milliarder Kolin Chjen Xuan (+11,1 milliard dollar) va indoneziyalik ko‘mir qiroli Lou Tuk Kvon (+16 milliard dollar) uchun ajoyib yil bo‘ldi. Hindistonlik milliarder Gautama Adani 2022 yildan shikoyat qilmasa ham bo‘ladi. Uning elektr energiya, yashil energiya va ko‘chmas mulk konglomerati 55,1 milliard dollar ishlab oldi.

Mavzuga oid