Iqtisodiyot | 21:34 / 26.12.2022
32869
3 daqiqa o‘qiladi

"Hi-Tech bank" litsenziyasi bekor qilinishi ortidan Markaziy bankni sudga bergani ma’lum bo‘ldi

Kun.uz avvalroq litsenziyasi bekor qilingan "Turkistonbank" va "Hi-Tech bank"ning litsenziyalari qaytarib berilishi haqida yozgandi. Bu xabarlar fonida "Hi-Tech bank" regulyator qarori yuzasidan sudga murojaat qilgani oydinlashdi.

Foto: Markaziy bank

Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlar va OAVlarda “Turkistonbank” hamda “Hi-tech bank" xususiy aksiyadorlik tijorat banklarining bank faoliyatini amalga oshiruvchi litsenziyasi qaytarib berilishi yuzasidan tarqatilayotgan xabarlar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Munosabatda Markaziy bank Boshqaruvining 2022 yil 7 oktyabrdagi 22/1-sonli qaroriga asosan “Hi-tech bank” xususiy aksiyadorlik tijorat bankidan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingan bo‘lib, shu kuni “Hi-tech bank” tugatish jarayoni boshlangani eslatib o‘tilgan.

“Hi-tech bank” xususiy aksiyadorlik tijorat banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq har qanday manfaatdor shaxs sudga murojaat etish huquqidan foydalangan holda Markaziy bank qarori yuzasidan sudga murojaat qilingan.

“Hi-tech bank” xususiy aksiyadorlik tijorat bankining Markaziy bank qarori yuzasidan sudga murojaati protsessual qonunchilik asosida ko‘rib chiqilishi mumkin", deyiladi rasmiy xabarda.

Biroq regulyator bergan bayonotda "Turkistonbank"ka to‘xtalib o‘tilmagan. Shuningdek, Markaziy bank banklarning litsenziyalariga oid xabarlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga munosabat ham bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, 26 dekabr kuni tarmoqlarda "Hi-Tech bank va "Turkistonbank"ning litsenziyasi qaytarib berilishi haqidagi xabarlar tarqaldi. Markaziy bank Kun.uz so‘roviga aniq izoh bermadi. Biroq Kun.uz manbasi bu xabar haqiqatligini tasdiqladi.

27 oktyabrdagi matbuot anjumanida regulyator rahbari “Turkistonbank"da aholining 368 mlrd atrofida, “Hi-tech bank"da esa taxminan 5 mlrd so‘m mablag‘lari borligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, ikkala bank tomonidan "Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonun"ning 55- va 77-moddalarida belgilangan qoidabuzarliklar sodir etilgani ularning litsenziyasini bekor qilishga asos bo‘lgan.

Mavzuga oid