O‘zbekiston | 23:13 / 04.01.2023
30236
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: «Dok-1 Maks»ni fosh qilgan shifokorlar ishga tiklanishi mumkin

«Dok-1 Maks» voqeasi ortidan ishdan olingan yetti nafar samarqandlik mas’ul ishga tiklanishi mumkinligi aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

Kun.uz manbasiga ko‘ra, 2023 yil 3 yanvar kuni sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ushbu shov-shuvli voqea ortidan ishdan olinganlar bilan suhbatlashgan. U ushbu xodimlarning ishdan olinishi bilan bog‘liq qarorni qaytadan ko‘rib chiqish va ularni ishga tiklash haqida so‘z yuritgani aytilmoqda.

«Ishdan olingan rahbarlardan biri yangi vazir bilan bo‘lgan uchrashuvdan juda qoniqqanini aytdi. Tez orada adolat tiklanishi mumkinligiga umid bildirdi», deydi manba.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Inoyatov 4 yanvar kuni soha vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda ham ushbu masalaga to‘xtalgan.

Eslatib o‘tamiz, dastlab ushbu yetti mas’ulning ism-familiyasi ommaga oshkor qilinmagandi. Kun.uz o‘z manbasiga tayanib, ular orasida «o‘lim dorisi» haqida yuqoriga xabar qilgan Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov ham borligini xabar qilgandi. Bir muddat o‘tib Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu xabarni tasdiqladi.

«Dok-1 Maks» voqeasi ortidan Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Azizovdan tashqari ushbu shifoxonaning gemodializ bo‘yicha mutaxassisi B.G‘aniyev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari S.Mo‘minov, onalik va bolalik salomatligini rivojlantirish bo‘limi bosh mutaxassisi S.Rasulov, Toyloq tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Olmazor OShP mudiri X.Muzaffarov, ushbu OShPning oilaviy shifokori U.Mahmudov hamda doya hamshirasi M.Siddiqova lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid