Ozarboyjon-O‘zbekiston Investitsiya jamg‘armasi tashkil etilyapti
O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Ozarboyjonga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri Jamshid Xo‘jayev va Ozarboyjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibi ko‘rib chiqildi. Tomonlar talabga ega mahsulotlar nomenklaturasini shakllantirish va yetkazib berishni ko‘paytirish, ikkala mamlakatlarga savdo va ishbilarmonlik missiyalarini tashkil qilish, yirik shaharlarda milliy mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish, savdo tarmoqlarida meva va sabzavot mahsulotlarini, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli savdo shartnomalarini tuzishga kelishib oldi.
Sanoat kooperatsiyasi va sarmoyaviy sheriklik sohasidagi hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston-Ozarboyjon Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma ishlarni jadallashtirish, umumiy qiymati 700 million dollardan ortiq bo‘lgan 5 ta yirik loyihaning moliyaviy-texnikaviy jihatlarini ishlab chiqishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi. Mazkur yo‘nalishlarda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha Ishchi guruh tuzishga kelishildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari qo‘shma korxonalarni, jumladan, avtomobillar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlariga alohida e’tibor qaratdi.
Kun tartibida transport-logistika sohasida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi ham muhim o‘rin tutdi. Ikki mamlakat hududlari orqali yuklarni, jumladan, kundalik ehtiyojdagi tovarlarni tashish hajmini bir necha barobar oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini muhokama qilish maqsadida Xalqaro avtomobil transporti bo‘yicha Aralash komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishning tashkiliy jihatlari kelishib olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Ozarboyjon-O‘zbekiston Investitsiya jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha O‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Mazkur jamg‘arma ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
15:58 / 01.11.2024
Ozarboyjonga safar: Kavkaz Hirosimasiga aylangan Ag‘dam
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
18:47 / 29.10.2024