Jahon | 09:09 / 07.01.2023
9223
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga harbiy yordam sifatida 3 milliard dollar ajratdi

Amerikaning Ukrainaga yordami paketiga Bradley piyoda askarlar jangovar mashinalari, M113 zirhli transport vositalari, "Xammer" yo‘ltanlamaslari, gaubitsalar, HIMARS uchun raketalar, shuningdek, turli artilleriya snaryadlari kiritilgan.

Foto: Getty Images

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 3 milliard dollar (2,82 milliard yevro) miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini taqdim etadi. Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Perning 6 yanvar, juma kuni ma’lum qilishicha, ushbu paket - hozirgacha eng kattasi - qurol va o‘q-dorilarni yetkazib berishdan tashqari, Ukraina harbiy salohiyatini uzoq muddatli mustahkamlash va qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish uchun 225 million dollar (211 million yevro), shuningdek, Vashingtonning NATO sharqiy qanotidagi hamkorlariga qurol sotib olish uchun 682 million dollar (640 million yevro) ajratishni nazarda tutadi.

Biroz vaqt o‘tgach, AQSh Mudofaa vazirligi bu safar Ukraina oladigan qurollar ro‘yxatini e’lon qildi. Bular 50 ta Bradley piyoda jangovar mashinasi, 500 ta tankka qarshi raketalar va ular uchun 250 mingta 25 mm kalibrli snaryadlar. Bundan tashqari, yordam paketiga 100 ta M113 zirhli transportyorlari, 55 ta minadan himoyalangan MRAP zirhli avtomashinalari, 138 ta HMMWVS («Xammer») yo‘ltanlamas avtomobillari, 18 ta 155 mm o‘ziyurar gaubitsa va 36 ta 105 mmlik tirkamali gaubitsa kiritilgan. Ro‘yxatga «Buk» zenit-raketa tizimidan uchirish uchun yangilangan Sea Sparrow "yer-havo" sinfidagi raketalar; HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizim uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar, turli artilleriya snaryadlari, raketalar, miltiqlar, pulemyotlar ham kiritilgan.

Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 24 fevralda Rossiyaning keng ko‘lamli agressiyasi boshlanganidan beri Qo‘shma Shtatlar Kiyevga umumiy qiymati 24,2 milliard dollar (22,7 milliard yevro) miqdorida harbiy yordam ko‘rsatgan.

Vashington 5 yanvar kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Germaniya kansleri Olaf Shols bilan telefon orqali suhbatlashganidan so‘ng Ukrainaga piyoda jangovar mashinalar yetkazib berilishini e’lon qildi. Germaniya, o‘z navbatida, Kiyevga yaqin vaqt ichida 40 ta Marder piyoda jangovar mashinasi va bitta Patriot qurilmasini taqdim etishga va’da berdi. Bundan tashqari, 4 yanvar kuni Fransiya Ukrainaga AMX-10 RC zirhli mashinalarini jo‘natish niyatida ekanligini ma’lum qildi.

Mavzuga oid