6 yanvar kuni Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 3-maktabda to‘garaklar o‘tkazilayotgani, agar bu to‘garaklardan hisobot uchun suratlar olib tashlanmasa, keskin choralar ko‘rilishi mumkinligi haqidagi skrinshot tarqaldi.
Holatdan norozi bir fuqaro tumandagi hamma maktablarga shunday buyruq berilayotganini aytgan.
«Ta’til nimaga uzaytirildi o‘zi? Hamma joyda bir xil topshiriq berishyapti. Shu sovuqda to‘garak o‘tish kerak ekan. Undan ko‘ra, vazirlik ta’tilni uzaytirmagani yaxshi emasmidi? Nimaga bunday maynabozchilik qilishyapti? XTBlar har kuni maktablardagi to‘garaklarni tekshiryapti. Vazirlikka ayting, chek qo‘yishsin bunday ko‘zbo‘yamachilikka. Hamma yerda shu holat», – deydi u.
Kun.uz holat yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi) matbuot kotibi Laylo Rustamova bilan bog‘landi. Uning aytishicha, bunday mashg‘ulotlarni o‘tkazish bo‘yicha vazirlik hech qanday topshiriq bermagan.
«Vazirlik tasarrufidagi respublika tashkilotlari – Bolalar kutubxonasi, «Barkamol avlod» bolalar maktabi tomonidan barcha loyihalar onlayn tarzda tashkil etilmoqda. Hukumatning tegishli yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda, qishki ta’til davomida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida kitob mutolaasini oshirishga qaratilgan onlayn intellektual viktorinalar, radio eshittirishlar hamda teleko‘rsatuvlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan», – deyiladi vazirlik matbuot xizmati bergan izohda.
Shuningdek, uzaytirilgan qishki ta’til kunlarida maktablarda o‘quvchilar ishtirokida to‘garaklar tashkil etilmasligi, bu jarayon hududiy bo‘linmalar hamda vazirlik tarkibidagi barcha ta’lim muassasalari rahbarlari tomonidan shaxsiy nazoratga olinishi so‘raldi.
G‘ijduvon XTB (hozirgi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining hududiy bo‘limi) mudiri Muxtor Fayziyevga ko‘ra, suratlar tashlanmasa, chora ko‘rilishi bo‘lim xodimi tomonidan aytilgan.
«Ba’zi maktab ma’naviyatchilari rasm tashlab berishni ham qilmayotgandi. Bu majburiy emas edi, o‘rinbosarim o‘qituvchi ishlayotgani, o‘quvchi kelayotgani aks etgan oddiygina rasmni tashlab bermagan ma’naviyatchi pedagoglarga yozgan.
Endi bu tizimda nazorat degan narsa ham bor-ku. Bolani tadbir davomida nazorat qilmasak, shu vaqtda jarohat olib qolsachi? Shunchaki ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida aytilgandi, boshqa maqsadimiz yo‘q edi. Xodimimiz yangi, ishga kelganiga 1 oy bo‘lyapti. Uni chaqirdik, tushuntirish xatini oldik. Lekin o‘zi juda bilimli, yaxshi kadr. Hamma ham xato qiladi, shu xatosi uchun ishdan haydab yuborsak, qanday bo‘ladi endi» – dedi u.














