Jahon | 10:51 / 09.01.2023
11658
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda dashtdagi suv saqlashga mo‘ljallangan bochkada noma’lum shaxsning jasadi topildi

Sudga oid tibbiy ekspertizaga ko‘ra marhumda tan jarohatlari topilmagan. U topilishidan 20-25 kun avval sovqotish oqibatida vafot etgan.

Jizzax viloyati Forish tumanida dashtli joyga o‘rnatilgan suv saqlashga mo‘ljallangan bochkada noma’lum shaxsning jasadi topilgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi xabar berdi.

Hodisa 2023 yil 4 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Forish tumanida yashovchi fuqaro IIBga qo‘ng‘iroq qilib Katta Bog‘don qishlog‘i hududida joylashgan tokzoridan xabar olgani borganida suv saqlashga mo‘ljallangan bochkada noma’lum shaxsning jasadini ko‘rgani haqida xabar bergan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilganda jasad 50-55 yoshlar atrofida bo‘lgan erkakniki ekani aniqlangan.

Marhumning jasadida qotillik bilan bog‘liq yoki boshqa jarohat izlari topilmagan.

Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumning jasadida qotillik bilan bog‘liq yoki boshqa jarohat izlari topilmagan. U topilganidan 20-25 kunlar avval sovuqda qolib ketib, vafot etgan.

Ko‘zdan kechirish vaqtida marhumning shimi cho‘ntagidan 52 ming so‘m pul va kostyumi cho‘ntagidan ikki dona daftar chiqqan. Uning nega va qanday qilib bochka ichiga tushgani noma’lum.

Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan Forish tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, marhumning shaxsini aniqlash choralari ko‘rilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid