Jahon | 23:00 / 10.01.2023
6281
2 daqiqa o‘qiladi

CNN: Rossiyaning Ukrainani o‘qqa tutish jadalligi keskin pasaydi

Bu qurol yetishmasligi yoki taktikaning o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

Foto: Dimitar Dilkoff/AFP/Getty Images

Urushning o‘n birinchi oyida Rossiya armiyasi tomonidan Ukrainani artilleriya qurollaridan o‘qqa tutish jadalligi sezilarli darajada pasaydi, ba’zi hududlarda 75 foizgacha. Bu haqda CNN Ukraina va Amerika rasmiylariga tayanib xabar berdi. 

Telekanal suhbatdoshlarining aytishicha, Rossiya qurolli kuchlari hozirda Ukraina hududini kuniga besh ming marta o‘qqa tutmoqda, avval bu raqamlar 20 mingga yaqin bo‘lgan. Ukraina manbalariga ko‘ra, Rossiya avvalgi 60 ming o‘rniga kuniga 20 ming snaryad otyapti. 

CNN manbalari o‘qqa tutish jadalligi pasayishiga nima sabab bo‘lganini aniq aytolmagan. Bir taxminga ko‘ra, Rossiya armiyasi qurollar yetishmasligi tufayli snaryadlarni tejayapti, boshqa taxminga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlarining muvaffaqiyatli qarshi hujumlari fonida taktikani o‘zgartirmoqda. 

AQSh rasmiylari taktikaning o‘zgarishini oktyabr oyida Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlarining qo‘shma guruhiga qo‘mondon qilib tayinlangan general Sergey Surovikin bilan bog‘laydi. Qo‘shma Shtatlar fikriga ko‘ra, Surovikin bu lavozimda o‘zidan oldingilarga qaraganda ko‘proq bilim va tajribaga ega. 

Amerika manbalari, shuningdek, Rossiya ilgari ballistik va qanotli raketalar kabi aniq qurollar tanqisligini boshdan kechirgan bo‘lsa, endi oddiy qurollar ham tanqis bo‘layotganini aytmoqda. 

Shu bilan birga, ba’zi yo‘nalishlarda ommaviy o‘qqa tutishlar davom etyapti: masalan, Baxmut, Kremennaya va Xersonda. 

Ukraina armiyasi, deb yozadi CNN, urush boshlanganidan beri o‘q-dorilarni tejashga majbur. O‘z zaxiralarini tezda ishlatib bo‘lgan Ukraina G‘arb ta’minotiga tayanmoqda. Ukraina Qurolli Kuchlari kuniga o‘rtacha 4-7 mingta o‘q otyapti.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid