O‘zbekiston | 11:57 / 10.01.2023
6458
3 daqiqa o‘qiladi

Pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan qonun loyihasida ta’lim muassasalarining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilganlik, kasbiy faoliyatiga va ta’lim oluvchilar bilimini to‘g‘ri, xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni yanada oshirish masalasi ko‘zda tutilgan.

Foto: Kun.uz

Bugun, 10 yanvar kuni Qonunchilik palatasining 2023 yil hisobidan ilk yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odil Tojiyevga ko‘ra, yig‘ilish kun tartibidan “Ma’muriy javobgarlik hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqish masalasi ham o‘rin olgan.

“Mazkur qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga ta’lim muassasasining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirish taklif etilmoqda.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pedagoglarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlash bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi;

Ta’lim muassasasi pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilar bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish bilan ifodalangan tarzda qonunga xilof ravishda aralashish yoki ta’lim muassasasi pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi;

(Amaldagi qonunchilikda ushbu huquqbuzarlikka nisbatan belgilangan jarimalar miqdori fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha miqdorni tashkil etadi)

Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishini nazarda tutuvchi normani kiritish nazarda tutilmoqda

(Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Ma’muriy qamoqqa olish bilan bog‘liq jazo chorasi mavjud emas.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga ham ta’lim muassasasining pedagog xodimiga nisbatan mehnatga ma’muriy tarzda majburlash uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etgan taqdirda huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishini mustahkamlovchi yangi norma qo‘shish taklif etilmoqda”, – deyiladi spiker o‘rinbosari xabarida.

Mavzuga oid