Jahon | 21:02 / 10.01.2023
18693
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy amaldori 34,5 mln dollar pora olgani uchun o‘lim jazosiga hukm qilindi 

Tergov bilan hamkorlik qilgani uchun jazo 2 yilga kechiktirildi. 

Foto: China Daily via REUTERS

Xitoyning Chanchun shahri xalq sudi Davlat xavfsizligi vazirligining partiya qo‘mitasi sobiq a’zosi Lyu Yanpinni 234 million yuan (34,5 million dollar) miqdorida pora olgani uchun o‘lim jazosiga hukm qildi. Uning ijrosi 2 yilga kechiktirildi. Shu bilan birga, mulozim barcha siyosiy huquqlaridan umrbod mahrum etilib, mol-mulki davlat foydasiga musodara qilindi. Bu haqda Xitoy markaziy TV xabar berdi. 

Lyu Yanpin 2001 yildan 2022 yilgacha turli lavozimlarda ishlagan, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi jamoat xavfsizligi vaziri o‘rinbosari, ushbu bo‘limning partiya qo‘mitasi a’zosi, vazirlikdagi tartib-intizomni tekshirish guruhi rahbari va h.k. Sud ma’lumotlariga ko‘ra, shu vaqt ichida u departamentlar va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish va turli ishlarni hal etishda yordam berish uchun pul va ko‘chmas mulkni pora tarzida olgan. 

Sudlanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgani aytilmoqda. U tergov bilan faol hamkorlik qilib, noqonuniy daromadlarni qaytargan. Shu sababli sud o‘lim jazosi ijrosini 2 yilga kechiktirgan. Agar shu muddat davomida mahbus o‘zini yaxshi tutsa, jazo umrbod qamoq bilan almashtirilishi mumkin. 

2022 yil sentabr oyida xuddi shunday hukm sobiq adliya vaziri, Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi vazirligi rahbarining sobiq o‘rinbosari Fu Chjenxuaga ham chiqarilgan edi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, sobiq amaldor 2005 yildan 2021 yilgacha o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, umumiy hisobda 117 million yuan (taxminan 16,5 million dollar) pora olgan va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan shaxslarga homiylik qilgan. 

Yanvar oyida Xitoy rahbari Si Jinping partiyani qattiqqo‘llik bilan boshqarish va korrupsiyaga umuman toqat qilmaslikka va’da bergan edi. 

Mavzuga oid