Jahon | 20:47 / 11.01.2023
14408
9 daqiqa o‘qiladi

«Kimning vorisi kim?». Koreya yarimoroli 2023 yilda yangi keskinlik hududiga aylanishi mumkinmi?

2022 yil Shimoliy Koreya uchun rekord o‘rnatilgan yil bo‘ldi, mamlakat ushbu yilda oldingi yillarga qaraganda ko‘proq raketa uchirdi. 2022 yilda uchirilgan raketalar Shimoliy Koreyaning butun tarixida uchirilgan raketalarning to‘rtdan bir qismiga teng bo‘ldi. Davlat yetakchisi Kim Chen In sentabr oyida KXDR yadroviy davlatga aylangani va bu maqomni saqlab qolish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Pxenyanda yangi yil bayrami. Foto: GETTY IMAGES

Pxenyanning faolligi Koreya yarimorolidagi keskinlik kuchayishiga olib keldi. Oxirgi bor bunday taranglik 2017 yilda yuz bergandi, o‘shanda AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreyaga «olov va g‘azab» bilan tahdid qilgan edi.

2023 yilda bizni nima kutmoqda?

Yadro quroli

2022 yilda KXDR o‘zining qurol-yarog‘ arsenalini kengaytirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Yil boshida Pxenyan Janubiy Koreyaga hujum qilish uchun mo‘ljallangan qisqa masofali raketalarni sinovdan o‘tkazishni boshladi, keyinroq esa Yaponiyaga hujum qilish uchun mo‘ljallangan o‘rta masofali raketalar sinoviga o‘tildi.

Yil oxiriga kelib Pxenyan rejimi o‘zining eng kuchli qit’alararo ballistik raketasi — «Xvason-17»ni sinovdan o‘tkazdi. Yaponiya bu raketa AQSh hududigacha uchib borishi mumkinligini tasdiqladi.

Kim Chen Inning yadroviy tahdidlari yanada tajovuzkor tus oldi. Sentabr oyida Shimoliy Koreyaning yangi yadroviy maqomi haqida gapirar ekan, u yadroviy qurol endi shunchaki himoya vositasi emasligini, Pxenyan urushda g‘alaba qozonish uchun birinchi navbatda undan foydalanishga tayyorligini aytdi.

Yil oxiriga kelib, u o‘zining hukmron Ishchilar partiyasining yuqori martabali a’zolarini 2023 yil uchun mo‘ljallangan rejalar bilan tanishtirish uchun yig‘di.

Kimning birinchi navbatdagi maqsadlari ro‘yxati boshida yadro arsenalining «eksponensial o‘sishi» turadi. Bu g‘oya, Kim aytganidek, Janubiy Koreya bilan urushda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan nisbatan kichik taktik yadro qurollarini ishlab chiqarishni o‘z ichiga oladi.

«Bu Kim Chen In murojaatining eng jiddiy qismi edi», deydi Karnegi jamg‘armasi eksperti Ankit Panda.

2022 yil noyabrida Shimoliy Koreya o‘z tarixidagi eng kuchli qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketa sinovini o‘tkazgandi.
Foto: KCNA

Taktik yadro qurollarini ishlab chiqarish uchun Pxenyan birinchi navbatda kichik raketaga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan nisbatan kichik yadroviy kallak yasashi kerak.

Dunyo hali Shimoliy Koreya buni uddalaganiga biron ishora ko‘rgani yo‘q. G‘arb razvedka agentliklari yilning katta qismini bunday raketaning sinovdan o‘tkazilishini kutish bilan o‘tkazdi, ammo bu yuz bermadi. Ehtimol, birinchi sinovlar 2023 yilda bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, Kim yangi yil murojaatida u bahorda uchirmoqchi bo‘lgan ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldosh va AQShga qisqa vaqtda yetib boradigan, og‘irroq, qattiq yoqilg‘ida harakatlanadigan qit’alararo raketa haqida ham aytib o‘tgan.

Shunday qilib, 2023 yil ham 2022 yilga o‘xshash bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Pxenyan BMT sanksiyalariga qaramay, yadro qurollarini doimiy sinovdan o‘tkazish, yadroviy arsenalini takomillashtirish va kengaytirishni davom ettiradi.

Va bu allaqachon boshlandi — Yangi yil kirib kelgandan uch soat o‘tgach Shimoliy Koreya yangi yildagi birinchi raketasini uchirdi.

«Kelgusi yildagi uchirishlarning aksariyati raketa sinovlari bo‘lmasligi, balki jangovar mashg‘ulotlar bo‘lishi ham mumkin – KXDR ehtimoliy mojaroda o‘z raketalaridan foydalanishga tayyorlanmoqda», deydi Ankit Panda.

Muzokaralar bo‘lishi mumkinmi?

Yangi yilga bunday keng ko‘lamli rejalar bilan qadam qo‘ygan Shimoliy Koreya yetakchisi AQSh bilan muzokaralar olib borishga vaqt topa olishi qiyin. Shimoliy Koreyani yadrosizlantirish bo‘yicha muzokaralarning so‘nggi raundi 2019 yilda barbod bo‘ldi va o‘shandan beri Kim ularga qaytish istagini ko‘rsatmadi.

Kimdir u muzokaralar stolida maksimal ustunlikka erishmoqchi deya hisoblayapti. Shimoliy Koreya AQSh va Janubga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligi haqidagi barcha shubhalarni yo‘qqa chiqarmaguncha, Kim Chen In o‘z shartlari bo‘yicha muzokara olib bora olmaydi.

Buning o‘rniga Shimoliy Koreya o‘tgan yil davomida Rossiya va Xitoyga yaqinlashdi.

«Mamlakat o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini tubdan o‘zgartirayotgan bo‘lishi mumkin», deydi 20 yil davomida AQSh hukumatining Shimoliy Koreya bo‘yicha tahlilchisi bo‘lgan Reychel Min-Yun Li.

Yarimoroldagi keskinlik

Ayni paytda Koreya yarimorolida yana tarang vaziyat yuzaga kelmoqda.

Shimolning har bir provokatsiyasiga Seul, ba’zida AQSh muntazam javob qaytarmoqda.

Hammasi o‘tgan yilning may oyida, Janubiy Koreyaning yangi prezidenti saylanishi bilan boshlandi. Yangi prezident Yun Seok Yol Pxenyan bilan munosabatlarda kuch ishlatishga ko‘proq e’tibor qaratishga va’da berdi va Kimni to‘xtatishning eng yaxshi yo‘li harbiy kuch ekanini qayta-qayta ta’kidladi.

U qaytadan AQSh kuchlari ishtirokidagi keng ko‘lamli dengiz manyovrlarini o‘tkazishni boshladi, Shimol bunga yangi raketalarni uchirish bilan javob berdi.

Shunday qilib, harbiy manyovrlar va ularga javoblar aylanasi boshlandi. Har ikki tomon chegaralar bo‘ylab harbiy samolyotlar parvozlari va akvatoriyaning turli qismlarini artilleriyadan o‘qqa tutish amaliyotini amalga oshirdi.

Kim yangi yilda ham yadro arsenalini rivojlantirish ustida ish olib bormoqchi. Foto: KCNA

Oxirgi keskinlik o‘tgan hafta, Shimoliy Koreyaning beshta droni kutilmaganda Janubiy Koreya havo hududiga uchib o‘tganida yuz berdi. Raketaga qarshi mudofaa tizimlari ularni urib tushira olmadi, bu Janubiy Koreya mudofaasidagi zaif nuqtani fosh qildi hamda Shimoliy Koreyaning harbiy harakatlariga odatda vahima qilmasdan munosabat bildiradigan janubliklarni xavotirga soldi.

Janubiy Koreya prezidenti mamlakat Pxenyan provokatsiyalariga munosib javob berishini aytdi.

Risk Korea Group nodavlat tashkiloti rahbari Chad Ched O'Kerrollning aytishicha, 2023 yilda keskinlashuv ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy mojaroga aylanishi va oqibatda insonlar halok bo‘lishi mumkin.

«Shimol yoki Janubning javob harakatlari tasodifan yoxud bilvosita o‘zaro o‘qqa tutishga aylanib ketishi mumkin», deydi u.

Yagona xato va vaziyat keskinlashuv spiralida nazoratsiz ravishda tezlashib ketadi.

Shimoliy Koreyaning ichidagi vaziyat

Yana bir muhim savol — 2023 yilda shimoliy koreyaliklarni nima kutmoqda?

Ular uch yil pandemiya tufayli mahkam yopilgan chegara ortida yashadi. Koronavirus sabab mamlakat barcha xalqaro savdoni vaqtincha to‘xtatdi.

Gumanitar tashkilotlarning fikricha, bu oziq-ovqat va dori-darmonlarning jiddiy tanqisligiga olib kelgan. O‘tgan yil Kim mamlakatdagi oziq-ovqat inqirozi haqida gapirgan edi. KXDR rasmiylari bunday voqealarni kamdan kam tan oladi.

2022 yil may oyida Shimoliy Koreya mamlakatda koronavirus tarqalganini tan oldi, biroq may oyidayoq virusni yengishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi.

2023 yil, KXDR nihoyat Xitoyga o‘z chegaralarini ochadigan va uning mahsulotlarini o‘z bozoriga kiritadigan yil bo‘ladimi?

Noyabr oyida Kim ilk bor o‘z qizini dunyoga ko‘rsatdi. Foto: KCNA

Ochiq ma’lumotlarga qaraganda, KXDR Xitoy chegarasi yaqinida yashovchi aholini vaksinatsiya qilmoqda.

«Biroq Shimoliy Koreya sog‘liqni saqlash tizimi holatini hisobga olsak, xavf saqlanib qoladi», deydi Min-Yun Li.

«Agar KXDR iqtisodi to‘liq tanazzulga yuz tutmasa, pandemiya butun dunyo bo‘ylab, ayniqsa Xitoyda to‘liq tugamaguncha, u o‘z chegaralarini to‘liq ochishi dargumon», deya qo‘shimcha qilgan Li.

Shuningdek, Kimning vorisi kim bo‘lishi mumkinligi haqidagi ishoralarga ham e’tibor qaratish lozim. Bu haqda hech qanday ochiq bayonotlar berilmagan, biroq Kim yaqinda birinchi marta dunyoga o‘zining qizi Kim Ju E’ni ko‘rsatdi.

U uchta harbiy tadbirda otasining yonida ko‘rinish berdi. Yangi yilda uning yangi fotosuratlari nashr etildi. Ko‘pchilik aynan u vaqt o‘tishi bilan Kim Chen Inning vorisi bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Mavzuga oid