O‘zbekiston | 21:25 / 15.01.2023
26287
5 daqiqa o‘qiladi

“Rasmiylar uzilishlar uchun shunchaki uzr so‘rashi yoki iste’molchilarga bir-ikki kun chidanglar deyishi xato” - energetiklar

Energota’minotdagi uzilishlar shu kecha-kunduzda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bo‘lib turibdi. Ijtimoiy tarmoqlar gaz va elektr energiyasi yo‘qligi sabab iste’molchilar tuman va shaharlardagi ta’minot korxonalariga borib rasmiylardan ta’minot qachon tiklanishini talab qilishayotgani aks etgan videolar bilan to‘lib-toshgan. Biroq respublika darajasida bu masalaga hozircha jo‘yali izoh berilgani yo‘q.

Kun.uz bir guruh energetika sohasi mutaxassislari bilan tizimdagi muammolar, ularni yuzaga keltirgan masalalar va hal qilish imkoniyatlari haqida suhbatlashdi.

— O‘tgan yil boshida kuzatilgan blekautda ham, yil so‘ngidagi mini-blekaut vaqtida ham, shu kecha-kunduzdagi anomal sovuqda energota’minotdagi uzilishlardan so‘ng ham rasmiylar faqatgina xalqni sabr qilishga, bu qiyinchiliklar vaqtincha ekanini aytib, chidashga chaqirib kelmoqda. Davlat iste’molchilarni gaz va elektr bilan ta’minlay olmayotgan bir paytda odamlar energoresurslarga bo‘lgan ehtiyojini o‘zlari qondirishi mumkinmi? Masalan, uylarning tomiga quyosh panellari yoxud avariya vaqtida jon saqlash imkonini beruvchi invertorlar o‘rnatib. Yoki bu ilojsizmi?

Umid Mamadaminov, “Stantop Energy” MChJ rahbari:

— Bunday holatlar faqat O‘zbekistonga xos emas, hatto rivojlangan Amerika Qo‘shma shtatlarida ham kuzatiladi. Aholiga bog‘liq tomonlarini gapiradigan bo‘lsak, davlat energetika tejamkorligi bo‘yicha har xil dasturlar ishlab chiqishi kerak. Ya’ni bunda aholi o‘zi energiya ishlab chiqaruvchi turli texnikalar olishi, davlat esa bir qismini subsidiya qilib berishi nazarda tutiladi.

Umid Mamadaminov Foto: Kun.uz

Energiya tejash bo‘yicha o‘qitish dasturlari ham bor. Ko‘p davlatlarda bularni o‘qitish Energetika vazirligi zimmasida bo‘ladi. Bizda ham aholining yashash sharoitiga mos tarzda shunday o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilishi kerak. Bu narsa aholiga juda katta yordam bo‘ladi. Bunday loyihalar uchun bizda ham harakatlar boshlangan. Ya’ni hali boshlang‘ich bosqichda.

— Baxtiyor aka, bir necha yillardan beri quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanayotgan xorijiy kompaniyalar bilan ishlab kelyapsiz. O‘zbekistondagi bir xonadonda quyosh panellari o‘rnatildi deylik, u qanchalik ehtiyojni qondira oladi? Ishlab chiqarilgan energiya uyni isitish uchun yetarli bo‘ladimi yoki faqat suv isitishga yetadimi? Agar mahallada svet o‘chsa, tomiga quyosh paneli o‘rnatilgan xonadonda elektr bo‘ladimi?

Baxtiyor G‘oziyev, “ABREST Energy Engineering” MChJ tijorat direktori:

— Quyosh energiyasini oluvchi stansiyalar ikki xil bo‘ladi: sanoat uchun katta stansiyalar va xonadonlar uchun maishiy doiradagi quyosh panellari. Maishiy doiradagi quyosh panellari ehtiyojlarni to‘liq qondirolmaydi. Bunday bo‘lishi ham qiyin.

Baxtiyor G‘oziyev Foto: Kun.uz

Aholi shu narsani tushunishi kerakki, energiya ehtiyojini to‘liq davlat elektr tarmog‘idan emas, ma’lum qismini shaxsiy elektr ishlab chiqarish orqali ham qondirishi kerak. Bu narsa keng yoyilsa, o‘z-o‘zidan energiya tejalib, qaysidir joydagi elektr bilan bog‘liq muammo hal bo‘ladi.

Bu orqali elektr post stansiyalariga tushadigan yuklamalar ham tushadi va avariya holatlari kamayadi. To‘g‘ri, bu tizimdagi muammoni hal qilmaydi, lekin yengillashtiradi.

Sarvar Qurbonov, “SKB Energy Company” MChJ QK rahbari:

— Quyosh elektrostansiyalari kechki payt yordam berolmaydi. Ayniqsa, qish mavsumida quyoshli kunlar kam. Shuning uchun buni ham zamonaviylashtirib, akkumlyator tizimini o‘rnatish kerak. Yana bir narsa: quyosh batareyalarini o‘rnatishda sifatli va ko‘p vaqt ishlatsa bo‘ladiganidan olish kerak.

Sarvar Qurbonov Foto: Kun.uz

Chet el tajribasida bunday holatda davlat ham aholini qo‘llab-quvvatlaydi. Pullarini kompensatsiya qiladi, boshqa moddiy yordamlar beradi. Aholining ko‘p qismida quyosh panellari olishga imkoniyat yo‘q. Shuning uchun bunday holatlardan davlat yordami bilan chiqib olishi mumkin. Rasmiylar uzilishlar uchun shunchaki uzr so‘rashi yoki iste’molchilarga bularning barchasi bir-ikki kunda o‘tib ketadi, chidab turinglar, deyishi — xato.

Suhbatni to‘liq Kun.uz’ning yutub-kanalida ko‘rish mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid