Jahon | 22:21 / 19.01.2023
16421
3 daqiqa o‘qiladi

Singapur Rossiya neftini aralashtirib sotishdan katta daromad olmoqda - Bloomberg 

Singapur Rossiya neftini ko‘p miqdorda sotib olib, uni boshqa navlar bilan aralashtirib, qayta eksport qilmoqda. Bu treyderlarga yaxshi daromad keltiryapti. 

Foto: Reuters

Singapur Rossiyadan neft sotib olish hajmini oshirdi. Uni boshqa navlar bilan aralashtirib, qayta eksport qilmoqda. Neft yetkazib beruvchilar buning ortidan yaxshi daromad olyapti, deb yozdi Bloomberg. 

Singapurda neft saqlash rezervuarlariga talab oshgan. Bu arzon rus xomashyosini boshqa navlar bilan aralashtirib, reeksport qilinayotganidan dalolat beradi. Bloomberg nashriga ko‘ra, bu jarayon neftning qaysi mamlakatdan kelib chiqqanini yashirishga yordam beradi. 

Singapur Rossiya nefti yoki neft mahsulotlari importiga embargo qo‘ymagan. Biroq mamlakat moliya idoralariga Rossiya tovarlari va kompaniyalarini moliyalashtirish yoki ular bilan savdo qilish taqiqlangan. 

Kemalar harakatini kuzatuvchi Vortexa kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil dekabr oyida Singapurning neft terminallari Rossiya neft mahsulotlarini o‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p hajmda qabul qilgan. Oy davomida Singapur 2,6 million barrel neft olgan, bu bir yil avval olingan hajmdan deyarli 40 baravar ko‘p. Neft saqlash rezervuarlarini ijaraga olishga bo‘lgan talab yiliga 17-20 foizga o‘sgan. 

Taxminga ko‘ra, Rossiya nefti Shimoliy-Sharqiy Osiyo bozorlariga qayta eksport qilinyapti. Singapurning Miyabi Industries konsalting firmasi vitse-prezidenti Uilyam Tang so‘zlariga ko‘ra, treyderlar va yetkazib beruvchilar neftni aralashtirib sotishdan «juda yaxshi» foyda olmoqda. 

«Aralashtirilgan yoqilg‘ining bir qismi Singapurdagi omborlarni to‘ldirish uchun ketishi yoki Indoneziya va Vetnam kabi qo‘shni mamlakatlarga sotilishi mumkin», dedi u. 

2022 yil dekabr oyi boshida G7 davlatlari (AQSh, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada), shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Avstraliya, Norvegiya va Shveytsariya dengiz orqali tashiladigan Rossiya nefti narxining 1 barreli uchun 60 dollarlik yuqori chegarani joriy qildi. 5 fevraldan Rossiyada ishlab chiqarilgan neft mahsulotlariga ham narx chegarasini joriy etish rejalashtirilgan, biroq uning miqdori hali kelishib olinmagan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid