O‘zbekiston | 22:57 / 20.01.2023
14014
3 daqiqa o‘qiladi

OITSga qarshi kurashga 120 milliard so‘m va 54 million dollar yo‘naltiriladi - Prezident qarori

OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishi ta’minlanadi. Nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayoni elektron tizim orqali amalga oshiriladi. 

Foto: Getty Images

«Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi. 

Unda OIV infeksiyasini profilaktika qilish, unga tashxis qo‘yish va davolash sifatini yanada oshirish, aholi orasida OIV infeksiyasini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar qamrovini oshirish, bemorlarga sifatli tibbiy va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularni zarur dori vositalari bilan to‘liq ta’minlash hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish choralari belgilandi. 

Jumladan, 2023-2027 yillarda davlat budjeti mablag‘lari, OITSga, bezgakka va sil kasalligiga qarshi kurashish Global jamg‘armasi mablag‘lari, Osiyo taraqqiyot banki hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining qarz mablag‘lari hisobidan aholi o‘rtasida OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida test-tizimlari va retrovirusga qarshi vositalarni xarid qilish, OITSga qarshi kurash markazlari va ularning tumanlararo diagnostika laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, keng targ‘ibot ishlarini o‘tkazish, shuningdek, boshqa tashkiliy tadbirlar uchun 120 milliard so‘m va 54 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi. 

2027 yilga borib, OIV infeksiyasini yuqtirib olgan hamda o‘z maqomini bilgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko‘rsatkichi 95 foizga yetkazilishi ta’minlanadi. 

Shuningdek, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishiga barham berilishi ta’minlanadi. 

Nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonini elektron tizim orqali amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Adliya vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, 2023 yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiya platformasi orqali FHDYo organlari va tegishli tibbiyot muassasalari o‘rtasida elektron hamkorlik tashkil qilinadi. 

Ikki oy muddatda Ichki ishlar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, manfaatdor vazirlik va idoralar hamda jamoat tashkilotlari bilan birgalikda OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarni ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy va tibbiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, yoshlar orasida OIV infeksiyasi tarqalishi masalalarida keng tushuntirish va tarbiyaviy ishlar olib borish, jamiyatda oilaviy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga doir idoralararo chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanadi. 

Mavzuga oid

E`lonlar