O‘zbekistonda 2022 yilda 932 ming bola tug‘ildi, 172 ming kishi vafot etdi – asosiy ko‘rsatkichlar
Erkaklar va ayollar nisbati, aholi zich yashayotgan hududlar, tug‘ilgan o‘g‘il va qiz chaqaloqlar nisbati, o‘lim holatlari miqdori va ularning sabablari - O‘zbekistonning 2022 yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlari taqdim etildi.
Davlat statistika qo‘mitasi O‘zbekistonning 2022 yildagi asosiy demografik ko‘rsatkichlarini taqdim qildi.
2023 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 36 024 900 kishini tashkil etdi, shundan erkaklar soni 18,1 mln, ayollar soni 17,9 mln, shahar aholisi soni 18,3 mln, qishloq aholisi soni 17,7 mln kishini tashkil etdi.
Doimiy aholining 31,7 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 56,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 11,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekistonda 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 80,2 kishi to‘g‘ri kelgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan solishtirilganda 1,6 kishiga ortgan. Hududlar bo‘yicha aholi zichligining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida o‘rtacha 6597,5 kishi, Andijon viloyatida 772,7 kishi, Farg‘ona viloyatida 588,2 kishini tashkil etgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyati 9,5 kishi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 11,9 kishini tashkil etgan.
2022 yilda tirik tug‘ilganlar soni 932,2 ming kishiga teng bo‘lgan. Shundan o‘g‘il bolalar soni 482,4 ming, qiz bolalar soni 449,8 ming, tug‘ilganlar soni shahar joylarida 473,4 ming kishini, qishloq joylarida 458,8 ming kishini tashkil etdi.
2022 yildagi tug‘ilishlarning 97,8 foizida 1 bola, 2,1 foizida egizak, 0,1 foizida 3 yoki undan ko‘proq bola dunyoga kelgan.
Tug‘ilish darajasiga ko‘ra O‘zbekiston yaqin va uzoq qo‘shnilarga nisbatan yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan – 1000 aholiga nisbatan 26,2 koeffitsiyent. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (23,5), Qirg‘iziston (22,4), Armaniston (12,4), Ozarboyjon (11,2), Moldova (11,2), Rossiya (9,6) va Ukraina (7,3).
2022 yilda vafot etganlar soni 172,1 ming kishini tashkil etdi, shundan erkaklar soni 95 ming, ayollar soni 77,1 ming, shahar joylarida 92 ming, qishloq joylarida 80,1 ming.
O‘lim holatining 55,5 foizi qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9,6 foizi nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 8,0 foizi o‘simtalardan, 5,5 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 4,1 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 1,4 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan, 15,9 foizi boshqa kasalliklardan yuz bergan.
2022 yilda yosh guruhlari bo‘yicha taqsimlanganda 20 yoshgacha vafot etganlar 20,0 foizni, 20-59 yoshlar orasida 24,6 foizni, 60 va undan katta yoshlilarda esa 55,4 foizni tashkil etgan.
So‘nggi 5 yil davomida qayd etilgan vafot etganlar soni ko‘rsatkichi oylar kesimida tahlil etilganda, nisbatan kam vafot etganlar soni yanvar va sentabr oylarida, eng ko‘p vafot etganlar soni esa iyul-avgust oylarida qayd etilgan.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
19:17 / 03.11.2024