Jahon | 20:11 / 01.02.2023
36764
11 daqiqa o‘qiladi

Isroil jim, Ukraina mamnun. Eron harbiy obektlariga zarbalar nimaga ishora qiladi?

Eron strategik obektlariga dronlar hujumidan keyingi uchinchi kun o‘tmoqda, ammo jahon matbuoti hamon ijrochi kimligini qidirish bilan band. Zarbalardan maqsad aniq bo‘lganidan kelib chiqqan holda xalqaro hamjamiyat Isroil tomon yuzlanmoqda. Isroilning o‘zi esa bu hodisaga hech qanday izoh bermadi.

Foto: Reuters

Bu davlat nega sukut saqlamoqda, ushbu davlatni zarbalarga aloqador deb hisoblash uchun qanday sabablar bor va oqibatlar qanday bo‘lishi mumkin?

29 yanvarga o‘tar kechasi Eron markazidagi Isfahon viloyatida o‘q-dori ishlab chiqariladigan zavod, Sharqiy Ozarboyjon viloyatidagi motor moyi ishlab chiqariladigan yirik zavod hamda mamlakat g‘arbidagi Dizful aviabazasiga zarbalar berildi.

Tehrondagilar uchta hujumdan ikkitasi qaytarilgani, uchinchi dron esa bino tomiga qisman shikast yetkazganiga ishontirmoqchi bo‘ldi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda moy zavodi yonayotgani aks etgan videolar tarqalgan, guvohlar ham aviabazadagi portlashlarni tasdiqlashgan.

Isroil nashrlari esa, Eron hukumati bayonotiga zid o‘laroq, barcha zarbalar nishonga borib tekkani haqida yozishdi. Ammo buni Isroil bu hujumlarga aloqadorligini bilvosita bo‘lsa ham tan olishi deb hisoblab bo‘lmaydi, chunki jurnalistlar G‘arb maxsus xizmatlaridagi manbalariga tayanib xabar berishgan.

«Bunday vaziyatlarda sukut saqlash – Isroilga ko‘p yillardan buyon xos bo‘lgan amaliyot. Ular Eronga hujum uyoqda tursin, Suriyaga aviazarbalar yo‘llaganida ham mas’uliyatni zimmasiga olmaydi. Bu jimlikdan bu hujum ortida Isroil turgan-turmagani to‘g‘risida xulosa chiqarib bo‘lmaydi», deydi isroillik harbiy ekspert David Gendelman BBC nashriga.

Ammo bilvosita alomatlarga asoslanilgan ayrim xulosalar yuzaga chiqmoqda.

Tasodiflar zanjiri

New York Times nashri anonim manbaga asoslangan holda Isroil va AQSh Eronga tunda zarba yo‘llashni muhokama qilgani va hujumlar ortida Isroilning maxsus razvedka xizmati «Mossad» turgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozdi.

Amerika matbuoti tasodiflar zanjiriga e’tibor qaratgan.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken shu kunlarda Isroilga keldi. Fotoda Blinken va Isroilning yangi tashqi ishlar vaziri Eli Koen
Foto: AMIR LEVY

O‘tgan haftada Isroilga MRB direktori Uilyam Byorns kelgandi, yakshanbaga o‘tar kechasi Eron harbiy obektlariga zarbalar berildi, dushanba kuni kunduzi esa AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Yaqin Sharq bo‘ylab turnesi doirasida Isroilga tashrif buyurdi.

Vashington vakillari AQShning Eron bo‘ylab zarbalarga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib bayonot berishga shoshilishdi. Va agar zarbalarni haqiqatan Isroil bergan deb hisoblansa ham, bu ushbu mamlakatning o‘z xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qarori bo‘ladi.

Isroilning avvalgi bosh vaziri Naftali Bennett bir necha bor Eron Isroilga qilgan tahdidlari va yadroviy qurolga ega bo‘lishga urinishlari uchun juda qimmat to‘lov qilishidan ogohlantirgandi. O‘tgan yil avgustida Bennet Isroil Eron masalasiga hamkorlar bilan birgalikda diplomatik yechim topishni ma’qul ko‘rishi, ammo zarurat tug‘ilganda yolg‘iz harakat qilishga tayyorligi haqida ochiqchasiga gapirgandi.

Bennet endi bosh vazir emas, ammo u belgilagan ohang Isroilning har qanday hukumati davridagi taktikasiga mos keladi. Ayniqsa, ko‘p yillar bosh vazirlik qilgan va o‘tgan yil noyabrida yana hokimiyatga qaytgan Binyamin Netanyahu davrida Isroil (2009-2021 yillarda) Eron hududida qator dadil amaliyotlar amalga oshirgan (buni ham rasman tan olmagan).

«Isroilning umumiy siyosati – ko‘proq ish qilish, kamroq gapirish. Bunday xatti-harakatlardan kim manfaatdorligini barcha bilib turadi, ammo Isroilning jimligining sababi aynan shu. Aksiya - boshqa ish, rasman olish, AQShning reaksiyasi va hokazolar – boshqa ish», deydi David Gendelman.

«Sakkizoyoq doktrinasi» va keng ko‘lamli mashg‘ulotlar

Amerikaning 29 yanvarga o‘tar kechasi Eron harbiy obektlariga berilgan zarbalarga reaksiyasi juda noodatiy edi.

Parda ortidagi kelishuvlarga ko‘ra, keng ko‘lamli hujum ro‘y bergan taqdirda, ayniqsa gap Eron va uning harbiy salohiyati haqida borganda, Isroil ko‘pincha o‘z rejalari haqida Vashingtonni boxabar qiladi yoki hech bo‘lmaganda aksiyadan keyin shunday amaliyot o‘tkazganini tasdiqlaydi.

Bu holda AQSh yoki Oq uy darajasida bosiqlik bilan betaraf bayonot beradi yoki izoh berishdan o‘zini tiyadi.

Hozirgi holatda esa jahon matbuoti anonim manbalarga havola berayotgani va bu manbalar mubham bayonotlar berayotgani Vashingtonning xabardorlik darajasi pastligini ko‘rsatadi.

O‘tgan yil iyunida Isroil hukumati Eron masalasida «Sakkizoyoq doktrinasi» nomli rejani amalga oshirishga o‘tganini e’lon qilgandi, bu reja Isroilning bu masalada mustaqil harakat qilish huquqini nazarda tutadi.

«Biz endi Eronning ishonchli vakillari rolini bajaradigan sakkizoyoq oyoqlari bilan o‘ynashmaymiz. O‘yinning yangi qoidalariga ko‘ra, biz to‘g‘ridan to‘g‘ri boshni nishonga olamiz», degandi mamlakatning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Naftali Bennett.

Isroilning yangi hukumatining doktrinani amalda saqlab qolish niyati bor-yo‘qligi hozircha noma’lum, ammo Netanyahu hukumatining Eronga nisbatan boshqacharoq pozitsiya tanlashi uchun hech qanday shart yo‘q. Qolaversa, Tehron va Moskva o‘rtasida norasmiy harbiy ittifoq tuzilgani tufayli Bibi (Netanyahu) Vladimir Putin bilan avvalgi iliq munosabatlaridan uzoqlashishiga to‘g‘ri keladi va katta ehtimol bilan nafaqat Eron bilan munosabatlarda, balki Eronning Suriyadagi obektlariga nisbatan ham qat’iyroq harakat qiladi.

O‘tgan haftada Isroil va AQSh o‘rtasida 7900 harbiy, 140 dona aviatsiya vositalari hamda 12 dona kema ishtirokida birgalikdagi eng yirik harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazdi.

Isroilning Channel 12 kanali mamlakat mudofaa vazirligidagi manbasiga tayanib, mashg‘ulotlardan birida Eron yadroviy inshootlarini bombardimon qilish bo‘yicha sinov mashqlari o‘tkazilgani haqida xabar berdi, bunda Negev sahrosida shunday obektlar mulyaji qurilgan. Shu bilan birga, kanal ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlar Isroil aviatsiyasi ishtirokida emas, amerikaliklarning V-52 rusumli bombardimonchi samolyotlari ishtirokida kechgan.

AQSh qo‘mondonligi mashg‘ulotlarda muayyan nishonga hujum rejasi ishlab chiqilganini tasdiqlamadi, ammo umuman olganda bu mashg‘ulotlar Eron va Xitoyga aniq signallar yuborishga qaratilganini ma’lum qildi.

Hujum tashkilotchiligi bo‘yicha boshqa versiyalar

Yaqin Sharq mintaqasida Eronga qarshi amaliyot o‘tkazishga motivlari va nazariy jihatdan imkoniyatlari mavjud bo‘lgan yana bir mamlakat – Saudiya Arabistonidir.

Harbiy ekspertlar nazariy jihatdan ushbu davlat shunday zarba ortida turishi mumkinligiga qo‘shiladi, ammo amalda - yo‘q.

Saudiya Arabistoni bunga qadar bu kabi aksiyalar o‘tkazgani qayd etilmagan va logistikaning murakkabliklari va Saudiya maxsus xizmatlarining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bu davlat 29 yanvar kungi kabi benuqson reyd amalga oshira olmagan bo‘lardi.

«Bunday amaliyot chuqur razvedkani talab etadi. Agar ularning dronlari chindan ham Eron hududidan turib harakatlantirilgan bo‘lsa, ularni mamlakatga portlovchi moddalar bilan birga yetkazish kerak bo‘lgan. Bu yerda yoki mahalliy hamkorlar yoki chetga chiqarilgan josuslardan yoki har ikkisidan iborat bo‘lgan va nima qilishini yaxshi bilgan guruh ishlashi kerak edi», deya izohlaydi David Gendelman.

Shuningdek OAVda amerikalik hamkorlar Isroildan G‘arbning Ukrainaga yordam kampaniyasini qo‘llab-quvvatlab, Rossiya Ukraina hududini o‘qqa tutishda foydalanayotgan Shahed dronlari ishlab chiqariladigan obektlarni ishdan chiqarishni so‘ragani haqida taxminlar paydo bo‘ldi.

Ammo mutaxassislar bu versiyani darhol inkor etishdi.

Gendelmanning so‘zlariga ko‘ra, Isroil davlati va uning Mudofaa armiyasi Ukraina manfaatlarini himoya qilishni maqsad qilmagan va Ukraina uchun keng ko‘lamli harakatlarga kirishmaydi. Shunchaki hozirgi vaqtda Eron Isroil va Ukrainaning umumiy dushmani bo‘lib qoldi.

«Biz shunchaki yoqimlilikning foydalilik bilan mos kelishini kuzatamiz. Isroil Ukrainadagi urush boshlanishidan ancha oldin, ko‘p yillardan buyon Eron bilan maxfiy urush olib bormoqda. Rossiyaga qurol yetkazib berishni boshlagunicha hech kim Eron Rossiya-Ukraina mavzusi bilan bog‘lanishi mumkin deb o‘ylamagandi. Isroil faqat o‘z operativ manfaatlarini ko‘zlaydi va bu qandaydir tarzda Ukrainaga yordam berishi mumkinligi fakti inobatga olinmaydi. Ammo vaziyatdan kelib chiqsak, isroilliklarning Eron harbiy salohiyatiga berilajak har qanday zarbasi Ukrainaga bilvosita yordam demakdir», deya izohlaydi ekspert.

Rossiya yaqin vaqtlar ichida Shahed dronlarining navbatdagi partiyasi yetkazib berilishini kutayotgandi, endi katta ehtimol bilan bu borada muammo yuzaga keladi.

Ammo hozir Isroilni Eron tomonidan ehtimoliy javob bo‘lishi ko‘proq tashvishlantiradi – bu davlat o‘z harbiy obektlariga hujumlar ortida Isroil turganiga amin – holbuki, aslida bunday bo‘lib chiqmasligi ham mumkin.

«Isroil Mudofaa armiyasi yaqin va uzoq marralarda jang qilishga tayyor bo‘ladi, biz zaxiralarimizni kuchaytiramiz va jangovar ruh hamda professionallikni saqlab qolamiz», degandi yanvar oyi o‘rtalarida Isroil Mudofaa armiyasi bosh shtabining yangi boshlig‘i Xersi Xa-Levi lavozimga kirishish chog‘ida so‘zlagan nutqida.

Isroildagilar u uzoq marralar deganda Eron yadroviy obektlarini nazarda tutganiga umid qilishmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid