Rossiyalik sobiq gubernator 3 ta qotillikda aybdor deb topildi
Endi u umrbod qamoq jazosini olishi mumkin.

Foto: Vyacheslav Prokofev / TASS
Moskva viloyati, Krasnogorsk shahrida o‘tkazilgan sud mahkamasida Xabarovsk o‘lkasining sobiq gubernatori Sergey Furgal 2000-yillarning boshida biznesdagi raqobatchilarining qotilligi bo‘yicha 3 ta epizodda aybdor deb topildi.
Suddagi hakamlar hay’ati tadbirkor Aleksandr Smolskiyni o‘ldirishga suiqasd uyushtirishda, shuningdek, tadbirkorlar Yevgeniy Zorya va Oleg Bulatov qotilligining tashkilotchisi sifatida Furgal aybi isbotlanganini ma’lum qildi.
Hakamlar hay’ati xulosasiga ko‘ra, Furgal uchta epizodning birortasi bo‘yicha shafqatga loyiq emas.
Endi sud unga nisbatan hukm chiqarishi lozim. Furgalga katta ehtimol bilan umrbod qamoq jazosi tahdid solmoqda.
Sergey Furgal – sobiq shifokor-nevrolog, o‘z vaqtida yog‘och savdosi bilan shug‘ullangan. 2007-2011 yillarda Davlat Dumasida deputat bo‘lgan. Rossiya Liberal-demokratik partiyasi a’zosi. Furgal 2018 yilgi saylovda g‘alaba qozonib, Xabarovsk o‘lkasi gubernatori bo‘lgan edi. U hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Yedinaya Rossiya» partiyasi vakilini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Furgal 2020 yil yozida qotilliklarni tashkil qilganlikda ayblanib hibsga olindi. U ayblovlarni rad qildi. Buning ortidan Xabarovsk o‘lkasida o‘n minglab kishilar ommaviy norozilik namoyishlarini o‘tkazishdi. Namoyishchilar o‘lka hukumati binosi yaqinidagi maydonga to‘planib, «Ozodlik!», «Furgal — bizning tanlovimiz!», «Men, biz, u — butun mamlakat Furgal uchun!» deya xitob qilishgan edi.
Mavzuga oid

12:23
Peskov: Rossiya delegatsiyasi muzokaralar uchun 15 may kuni Istanbulga boradi

10:44
Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan bola O‘zbekistonga qaytarildi

08:30
Makron Rossiyaga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, sanksiyalar bilan tahdid qildi

20:55 / 13.05.2025