3D modellashtirish, robototexnika va nanotexnologiyalar - Olmazordagi IT maktabdan reportaj
Poytaxtdagi 298-maktabda zamonaviy texnologiyalarga ixtisoslashgan loyiha ish boshladi. 2019 yilda prezidentga taqdim qilingan loyiha endilikda bolalarga robototexnika, injiniring, mexatronika, VR va boshqa bilimlarni beradi.
O‘zi bu qanday loyiha?
AQShning San-Fransisko shahrida kremniy vodiysi bor va bu joyda dunyoning gigant IT kompaniyalari faoliyat yuritadi. Stiv Jobs va Stiv Voznyakning Apple kompaniyasini ochish g‘oyasi ham aynan shu vodiydagi bir “garaj”da paydo bo‘lgan. Ammo bugungi mavzu bu emas, balki kelgusida shunday innovatsiyalarni amalga oshirish uchun imkoniyat beradigan o‘zbekcha “kremniy vodiysi” haqida.
Olmazor tumanida Innogroup kompaniyasi tomonidan mana shunday loyiha amalga oshirilmoqda. Kompaniya 2019 yilda Shavkat Mirziyoyevning 1 mlrd so‘m mablag‘ ajratishi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 3D printerli laboratoriyalari orqali 20 dan ortiq ishlab chiqarish yo‘nalishlariga xizmat ko‘rsatadi.
“Loyihamiz doirasida prezident Shavkat Mirziyoyevga 3D modellashtirish texnologiyasini rivojlantirib, boshqa yo‘nalishlarga ham tatbiq etishga va’da bergan edik. Loyiha tatbig‘ini tumandagi 33 ta maktabda amalga oshiryapmiz. Bu jarayonda maktablarning hammasiga bosqichma-bosqich 3D modellashtirish, prototiplash laboratoriyalarini o‘rnatyapmiz”, – deydi kompaniya asoschisi Behzod To‘xtamurodov OAVga bergan intervyusida.
Loyihaga ko‘ra, dastlabki bosqichda to‘rtta maktabda robototexnika va injiniring markazlarini, ikkinchi bosqichda qolgan ta’lim muassasalarida mexatronika va VR (virtual reallik) ta’lim markazlarini ochish rejalashtirilgan. Mexatronika hamda VR markazlarida o‘quvchilar o‘ylagan g‘oyalarini moddiyatga aylantirishi uchun kerak bo‘ladigan barcha asosiy qurilmalar joylashtiriladi.
Darslar qanday olib boriladi?
Tumandagi maktablarda o‘quvchilarga robototexnikani o‘rgatayotgan ustozlardan biri Abdulhay Madaipovning aytishicha, o‘quv dasturi asosiy 3 bosqichdan iborat.
“Birinchi bosqichimiz – boshlang‘ich, ya’ni 2-4-sinf, ikkinchisi – o‘rta bosqich, 5-9-sinf va yuqori bosqichimiz, 10-11-sinflarni o‘z ichiga olgan. O‘quvchilar dasturlash, elektronika, mexanika va sun’iy intellektni o‘rganishadi. Bizdagi bilim olish jarayoni zamonaviy STEM ta’limi asosida amalga oshiriladi. Soddaroq tushuntirsam, deylik, valli robotini yasash uchun bir nechta fanlarning – matematika, fizika, injyeneriya, mexanika, elektronika, dasturlash orasida integratsiya bo‘lishi kerak bo‘ladi. Mana shu integratsiya robotni yasashga yordam beradi, eng qizig‘i, buni bola emotsional holatda yasaydi. “Men matematikani yoki fizikani o‘rganyapman”, deb o‘ylamaydi va buni o‘zi bilmagan holda o‘zlashtiradi. STEM ta’limi shunday bo‘ladi”, – dedi u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda darslarni boshlash uchun ikkita – 298– va 15-maktablar tayyor, 233– va 29-maktablar esa ish faoliyatini boshlash jarayonida.
Yangi loyiha nima beradi?
1. Loyiha bolalarning aniq fanlarga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
2. Mamlakat bo‘ylab ko‘plab ixtirochi bolalar kashf qilinadi. Ular start-up loyihalari qanday qilinishi, yasagan qurilmalarini bozorga qanday olib chiqish, sotish, ishni nimadan boshlash kerakligini o‘rganishadi.
3. Darslar davomida o‘quvchilar xorijiy OTMga kirishga tayyorgarlik ko‘rishlari ham mumkin. Turli musobaqalarda g‘olib bo‘lib, sertifikatlarni qo‘lga kiritishi hamda chet el oliygohlariga hujjat topshirayotganda shularni ham berishi mumkin.
4. Hozirda maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasb-hunarsiz kirib kelmoqda. Yangi loyihada o‘quvchi ko‘proq amaliyotda g‘oyalarini amalga oshiradi, bu esa yo‘nalish bo‘yicha ba’zi kasblarni egallashga, misol uchun, texnika ustasi bo‘lib chiqishiga yordam beradi. Ta’kidlanishicha, bolalar bu dasturda xohishi va qiziqishiga qarab 1 oydan 2 yilgacha qatnashishlari mumkin. 1 oydan 6 oygacha bo‘lgan vaqt davomida turli kasblarning ham egasi bo‘la oladi.
5. Eng muhimi, tashabbus O‘zbekistonda ham robototexnika, muhandislik, injiniring rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Ma’lumot uchun, Olmazorda jami 33 ta maktab bo‘lib, o‘quvchilar xavfsizligi uchun shundan 25 tasida 1 ming 443 dona ovozli kuzatuv kameralari sinfxona, koridor va tashqi hududida to‘liq o‘rnatilgan. Bu videokuzatuv tizimini nazorat qilish uchun tuman xalq ta’limi bo‘limi qoshida alohida nazorat tahlil va monitoring-metodik xizmati bo‘limi tashkil qilingan.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Asror Almuradov.
Mavzuga oid
10:50 / 02.10.2024
ABBYY IT-kompaniyasi rossiyaliklarni uch mamlakatdagi ofisida ishdan bo‘shatdi
21:25 / 13.08.2024
Sun’iy intellekt texnologiyalari markazi tashkil etiladi
15:55 / 20.07.2024
“Talablar kuchli, raqobat katta” – Amazon’da ishlayotgan o‘zbekistonlik IT mutaxassisi hikoyasi
13:07 / 08.07.2024