Jahon | 09:12 / 03.02.2023
7661
4 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Navalniyni zudlik bilan ozod etishni talab qilmoqda

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning bayonotiga ko‘ra, Rossiya hukumati qamoqdagi muxolifatchining salomatligi va xavfsizligi uchun javobgardir.

Foto: politics.com

Yevropa Ittifoqi Rossiyani Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) bilan xolis xalqaro tergov o‘tkazilishini ta’minlash va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish, shu jumladan muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni qamoqdan zudlik bilan ozod qilishni talab etayotgan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi vaqtinchalik chorasiga rioya qilish uchun to‘liq hamkorlikka chaqirdi. Bu haqda 2 fevral, payshanba kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.

Bundan roppa-rosa ikki yil avval, 2021 yil 2 fevralda Moskva sudi Federal jazoni ijro etish xizmati talabiga ko‘ra, «Novichok» moddasi bilan zaharlanib, Germaniyada davolanib uyiga qaytgan Navalniyning shartli jazosini «Iv Roshe» ishi bo‘yicha haqiqiy muddatga almashtirdi. 2022 yil may oyida siyosatchi «firibgarlik» va «sudga hurmatsizlik» ayblovi bilan to‘qqiz yilga qattiq rejimdagi koloniyaga hukm qilingan.

2022 yilning iyun oyida Navalniy u «ekstremistik hamjamiyat» yaratish va ruxsat etilmagan mitinglarga chaqirishda ayblanganini ma’lum qildi.

«Rossiya qamoqxonasi rahbariyati tomonidan janob Navalniyga nisbatan bir necha bor qo‘pol muomala, jismoniy va ruhiy qiynoqlar qo‘llangani haqidagi xabarlar chuqur tashvish uyg‘otadi. Rossiya rasmiylari uning xavfsizligi va sog‘lig‘i uchun javobgardir va biz ularni javobga chaqiramiz», - deyiladi Yevropa Ittifoqi diplomatik xizmati saytida e’lon qilingan hujjatda.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi qariyb bir yildan beri davom etayotgan urushi «faqat ichki repressiyani, Kreml va umuman fuqarolik jamiyatining eng ashaddiy tanqidchilariga nisbatan muntazam ravishda bosimni kuchaytirdi». «Yevropa Ittifoqi Aleksey Navalniy, Vladimir Kara-Murza va boshqa siyosiy mahbuslar, shuningdek, katta shaxsiy xavf-xatarga qaramay haqiqatni gapirishga jur’at etgan Rossiya fuqarolari bilan birdam», - deya ta’kidlaydi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

2022 yil avgust oyidan beri Vladimir viloyatidagi IK-6 qamoqxonasida saqlanayotgan Aleksey Navalniy 11 marta jazo kamerasiga (JIZO) jo‘natilgan, bu har safar kichik qoidabuzarlik yoki uydirma sabablarga ko‘ra amalga oshirilgan, masalan, panjarani tozalashdan bosh tortganlik yoki kiyimdagi tugma yechib qo‘yilgani uchun.

2023 yil yanvar oyi boshida Navalniyning advokati Vadim Kobzev uning mijozi JIZOda «isitma va yo‘tal» bilan yotganini aytdi. Navalniyning o‘zi bir necha bor JIZOdan olib ketilganini, «gripp bilan og‘rigan bemorlar to‘la» tibbiyot bo‘limiga joylashtirilganini va keyin kameraga qaytarilganini aytdi.

Yanvar oyi oxirida Navalniy Jamoatchilik monitoringi komissiyasi (JMK) a’zolari tashrifidan so‘ng uning kamerasiga uchta kuchli kunduzgi lampalar o‘rnatilgani, u tufayli «nafaqat o‘qish, balki o‘tirish ham qiyin» bo‘lgan yorug‘lik yaratilganini aytdi.

24 yanvar kuni Navalniy tarafdorlari, jumladan, uning ukasi Oleg va sherigi Leonid Volkov Rossiyaning Berlindagi elchixonasi oldiga JIZO nusxasini o‘rnatgandi, siyosatchi u yerda avgust oyidan beri jami 113 kun o‘tkazgan. Aksiyadan maqsad Aleksey Navalniyni ozod etish bo‘yicha xalqaro kampaniyaga e’tiborni qaratish.

Mavzuga oid