O‘zbekiston | 08:02 / 07.02.2023
5248
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda eskirgan uylar ta’mirlanadi

Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Foto: Kun.uz

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va tumanlaridagi og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uylarning tom qismini ta’mirlash (yopish) hamda yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlarining yig‘ma parametrlari tasdiqlandi.

Amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha buyurtmachi Nukus shahri va shimoliy tumanlarda Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK hisoblanadi.

Janubiy tumanlardagi uy-joylarning tom qismini ta’mirlash (yopish) va avariya holatidagi uy-joylarni yangidan qurish ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” DUK buyurtmachi etib belgilandi.

Janubiy tumanlardagi 2 000 km tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari bo‘yicha Amudaryo, Beruniy, To‘rtko‘l va Ellikqal’a tumanlari hokimliklarining Obodonlashtirish boshqarmalari buyurtmachi etib belgilandi.

Chora-tadbirlarni qisqa muddatlarda yakunlash maqsadida pudratchi va loyiha tashkilotlarini, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilarni tanlash to‘g‘risida e’lon maxsus axborot portalida joylashtirilmaydi. Buyurtmachilarga elektron shaklda taklif bermasdan, eng yaxshi takliflarni aniqlash huquqi beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid