Avval qanday edi?
Maktab ta’limi tizimida o‘qituvchilarning malaka oshirishi 2021 yilgacha davriylikka asoslangan edi. Ya’ni bunda ustozlarimiz 5 yilda, maktab direktorlari esa 3 yilda bir marotaba o‘qishga yuborilardi. Boshqacharoq tushuntirsak, pedagoglarimizga "bir marta borasan, bir oy o‘qiysan va senga 4 yil-u 11 oy tegilmaydi", deyilardi. Avvalgi 3 dekadalik, ya’ni 30 yillik davr uchun bu amaliyot aktual bo‘lgan. Ammo 1 oygina olingan bilim, o‘qituvchilarga 5 yilga yetarli bo‘ladimi? Hozirgi davr uchun bu yetarli emas, albatta. Chunki ta’lim beruvchilar doimiy tarzda o‘z bilimlarini yangilab borishi jarayonda muhim rol o‘ynaydi.
Mana shularni hisobga olgan holda prezidentning tegishli qarori bilan 2021 yildan boshlab uzluksiz tarzda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu bo‘yicha keyinroq yana bir qaror asosida nizom ham tasdiqlandi. O‘sha yildan boshlab o‘qituvchilar istagan vaqtida istagan joyida kasbiy bilimini oshiradigan bo‘ldi. Kun.uz'ga bu yengilliklar haqida batafsil gapirib bergan Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyevning aytishicha, ayni vaqt o‘qituvchilarning malaka oshirishi 3 xil shaklda olib borilmoqda:
“Yangi tizimni joriy etish jarayonida o‘qituvchilarga malaka oshirishning turli xil shakllariga, ya’ni masofaviy, mustaqil hamda an’anaviy tarzda o‘qishga ruxsat berildi. Ustozlarimiz ehtiyojlaridan kelib chiqib, qay tartibda kasbiy bilimini oshirishni o‘zi tanlaydi. Ilgari metodistlar, tuman bo‘limlari pedagoglarning qachon, qayerga borishini belgilab berar edi. Endilikda ustozlarimizda tanlash huquqi bor, “sharoitimdan kelib chiqib, qachon va qayerda malaka oshirishni bilaman”, – degan qarorni o‘zlari qabul qiladigan zamonga keldik. Ilgari malaka oshirish imtihonlarini topshirish uchun faqat bitta imkoniyat berilardi.
Uyi mana shu imtihon topshiriladigan markazdan 250-300 km uzoqlikda joylashgan ustozlarimiz ham bor. Chekka hududlarda dars berib kelayotgan ustozlar haqida gap ketyapti-da. Ular ham markaz atrofidan qatnaydigan o‘qituvchilar bilan birdek kurslarga borishga majbur edi. Yo‘lkira, vaqt, ayniqsa pedagoglarning aksariyat qismi ayollar ekanini hisobga olsak, issiq yoki sovuq mavsumlarda qatnash ham muammo keltirib chiqargan. Shuningdek, o‘qituvchi 1 oy davomida malaka oshirishga ketsa, bu ustozning darsini boshqasi olib o‘tardi va ta’lim sifatiga ham salbiy ta’sir qilardi.















