Jahon | 11:21 / 13.02.2023
7569
3 daqiqa o‘qiladi

«Komsomolskaya pravda» saytida urushga qarshi matnlar paydo bo‘ldi

Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlari va bosqinchilikning noqonuniyligi haqidagi 10 ga yaqin xabarlar nashr saytida 10 daqiqadan kamroq vaqt davomida osilib turdi. Ularni qo‘ygan muharrir bu harakatni «aybni yuvish» deb atadi.

Foto: teamnavalny

Kremlparast «Komsomolskaya pravda» gazetasi saytida 11 fevral, shanba kuni Rossiya armiyasining Ukrainadagi jinoyatlari, Qrimning Rossiya tomonidan noqonuniy annexia qilinishi va siyosatchi Aleksey Navalniy ustidan qiynoqlar haqidagi matnlar paydo bo‘ldi. «Prodoljyeniye sleduyet» loyihasi bunga e’tibor qaratdi.

Gazeta saytida jami 10 ta material, jumladan, «Qrim - Ukraina. Rossiya yarimorolni qaytarishga majbur», «Rossiya Putin rejimi tomonidan okkupatsiya qurboni bo‘ldi», «Rossiya Federatsiyasi , Izyum va Gostomelda jinoyat sodir etgan», «Navalniy ustidan qiynoqlari: Rossiya qamoqxonalarida siyosiy mahbuslarga qanday munosabatda bo‘lishadi» kabi sarlavhalar ostida chop etilgan.

Ba’zi materiallar kirish so‘zlari bilan birga keltirilgan: «Material «Komsomolskaya pravda» muharrirlari bilan muvofiqlashtirilmagan, u Putin boshchiligidagi Kreml rejimi va uning Ukrainada tinch odamlar genotsidini sodir etgan hokimiyatdagi bema’ni o‘g‘rilar to‘dasi yolg‘onlarini fosh qilishga qaratilgan».

Gazetaning veb-saytidagi matnlar yangiliklar muharriri Vladimir Romanenko tomonidan urush boshlanganining bir yilligiga bag‘ishlangan aksiya sifatida e’lon qilingan. Romanenkoning o‘zi «Prodoljyeniye sleduyet» loyihasiga ma’lum qilganidek, u nashrda o‘tgan yilning sentabr oyidan beri ishlab kelyapti va moliyaviy qiyinchiliklar tufayli u yerda ishga joylashgan. Mobilizatsiya boshlangandan so‘ng u Rossiyani tark etgan, lekin «Komsomolskaya pravda»da uzoqdan ishlashni davom ettirgan.

«Men uchun bunday qadam tubsizlikka sakrashdir. Men qandaydir ish izlayapman, jamg‘armam qolmadi. Lekin buni aybimni yuvish sifatida qabul qilaman. Ishsiz bo‘lish men uchun yolg‘on gapirganim uchun mutanosib to‘lov», - dedi Vladimir Romanenko o‘z qilmishini tushuntirib. U «bularning barchasida qatnashgani uchun» Ukraina xalqidan uzr so‘radi.

Materiallar endi nashrda ishlamaydigan Romanenkoning boshliqlari tomonidan 10 daqiqa ichida olib tashlandi. Xabar va maqolalarni chiqaruvchi muharrir unga bunday harakatni kutmaganligini yozgan va uni messenjerda bloklagan.

Mavzuga oid