Hospis— tuzalmas dardga chalingan bemorlarga kasallikning so‘nggi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy tashkilot. Bu yo‘nalish O‘zbekistonda yangi. Respublikadagi birinchi «Taskin»bolalar hospisi ochilganiga endigina olti oy bo‘ldi.Ammo mamlakatda bunday tashkilotlarga ehtiyoj katta. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra,O‘zbekistonda birgina onkologik kasalliklarga chalinganlar soni taxminan 45 ming nafarga yaqin. Shundan 10 ming nafarida hospisga muhtojlik bor.
«Jahon tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, hospislar juda ham kerakli tashkilot. O‘zbekistonda hali yetarli emas. Biz yaratgan 20 ta o‘rin juda ham kam. Bizning hospis faqat bolalar uchun, ammo bunday maskanlar kattalarga ham kerak. Faqat onkologik yo‘nalishda emas, boshqa kasalliklarda ham muhim bunday joylar. Shuningdek, Toshkentdan tashqari boshqa viloyatlarda ham ochish kerak.Aytish lozimki, hospislar faoliyati davomiyligi va ish sifati nafaqat davlat ko‘magi, balki hamkor tashkilotlar va homiylarga bog‘liq»,— deydi «Ezgu Amal» jamoat fondi boshqaruv raisi Munira Xo‘jaxonova.
Hospisda har bir xona bemor va uning qarovchisi — oila a’zosi uchun uy sharoitiga yaqin jihozlangan. Maskanda dori-darmon, oziq-ovqat va barcha xizmatlar bepul.Ayni paytda hospis xizmatlaridan 12 nafar bola foydalanmoqda. Ular respublikaning turli hududlaridan kelishgan.
«O‘tgan yilning may oyida qizimga burun-halqum xavfli o‘smasi estezioneyroblastoma tashxisi qo‘yildi. Bu kasallik haqida eshitgach, shokka tushganman. Hech kimni eshitishni ham, ko‘rishni ham xohlamay qolganman. Keyin bu yerga keldik. Sharoit ham, xodimlar ham juda yaxshi. Psixolog maslahatlari bilan ancha o‘zimga keldim, ko‘nglim kengaydi. Qizimning ham holati yaxshilandi. Sentabr oyida olib kelganimda qizim 45 kilo bo‘lib qolgan, juda charchagandi. Ishtahasi, gapirishga holi yo‘q edi. Bu yerda bolalarning ko‘nglini ko‘taradigan har xil tadbirlar bo‘lar ekan. Kayfiyat tomondan ancha o‘zgardi. Hozir qizimning vazni 55 kiloga chiqdi»,— deydi Adolat Begimqulova.

Fotima Do‘smurodovaning aytishicha esa o‘g‘lini hospisga yaqinda olib kelgan. Oila bir yildan beri tuzalmas dard bilan kurashadi.

















