Hospis — tuzalmas dardlarga chalinganlar, asosan onkologik bemorlarga kasallikning so‘nggi bosqichida palliativ yordam ko‘rsatuvchi tibbiy-ijtimoiy tashkilot. Bu yerda xasta bolalar so‘nggi nafaslarigacha mehr, e’tibor, parvarish, ruhiy madad qurshovida yashashadi.
Muassasada bolalarga kompleks yondashuv asosida e’tibor qaratiladi. Ijtimoiy xodim, psixolog va shifokor hamkorligida ishlaydigan hospisda asosiy e’tibor turli muolajalarga emas, kasal bolaning hayotiga mazmun kiritishga qaratiladi. Bola ko‘rishni istaydigan insonlarni yordamga chaqirish, unga yoqadigan vaziyatlar hosil qilish ijtimoiy xodimning vazifasiga kiradi. Yillar davomida kasallik bilan kurashayotgan bolaning yaqinlari ham ruhiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lishi tabiiy hol. Bu yerda ota-onalar ham ijtimoiy yordam olishlari mumkin.


Hospisning asosiy vazifasi - tuzalmas dardga duchor bo‘lgan bolalarning hayotini yaxshilash, ularning qolgan umrlariga mazmun kiritishdan iborat. Bunday bolalar va ularning ota-onalari kasallik bilan kurashish mobaynida og‘ir ruhiy va moddiy holatni boshdan kechirishadi. Hospis ana shunday vaziyatda ularga madad markazi bo‘lib xizmat qiladi.

«Taskin» hospisi yurtimizdagi birinchi bolalar hospisi bo‘lib, prezident qaroriga binoan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi hamda "Ezgu Amal» Jamoat fondi yordamida Zangiota ixtisoslashtirilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi negizida ochildi. Hospis 20 nafar bemorga mo‘ljallangan.

“Hospis – bu umid uyi. Bu maskan bemor bola va uning oila a’zolariga ijtimoiy-psixologik madadni amalga oshiradi. Shuningdek birinchi bolalar hospisi asosida aholiga hospis yordamini rivojlantirishga xizmat qiladigan palliativ ko‘makning va bemorlarni professional parvarishlashning zamonaviy modeli ishlab chiqiladi. Bu yerda nafaqat bemor bolalar uchun, balki ularning ota-onalari uchun ham ijtimoiy yordam ko‘rsatamiz. Bolaning oxirgi umrini maksimal darajada chiroyli va o‘zi istagancha o‘tkazishga yordam beramiz.











