Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Uzbekistan Airports'ning daromadlari 32 foizga, eksport tushumlari esa 8 foizga o‘sishi kutilmoqda
2022 yilda O‘zbekiston aeroportlariga 28 ta yangi aviakompaniya jalb qilinib, parvozlar tarmog‘i 73 ta yo‘nalishga kengaytirildi. Yo‘lovchi tashish hajmi esa pandemiyadan oldingi yilga nisbatan 22 foizga oshib, 7 mln 900 ming nafarni tashkil qildi. Endilikda bu ko‘rsatkichni 18 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. “Uzbekistan Airports” AJ Kun.uzʼga o‘tgan yilning sarhisobi va 2023 yilgi rejalarini ma’lum qildi.
Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (ICAO) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxiriga kelib global yo‘lovchi tashish hajmi pandemiyadan oldingi vaqt, 2019 yilga nisbatan 70 foizga tiklangan.
“Uzbekistan Airports” AJ boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayevaning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning yo‘lovchi tashish hajmi pandemiyadan oldingi yilga nisbatan 22 foizga oshib, 7 mln 900 ming nafarni tashkil qilgan. 2022 yildagi ko‘rsatkich 2021 yilga nisbatan 46 foizga oshgan.
Parvozlar chastotasi va yo‘nalishlar soni ko‘payishi hisobiga 2022 yilda ichki reyslarda 1 mln 700 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilib, 2019 yilga nisbatan 30 foizga, 2021 yilga nisbatan esa 82 foizga ko‘proq natijaga erishilgan.
Qayd etilishicha, 2023 yilda yo‘lovchi tashish hajmini 2022 yilga nisbatan 18 foizga oshirish, 9 mln 290 ming kishiga yetkazish rejalashtirilgan.
“Bunday ko‘rsatkichlarga yangi rezident aviakompaniyalar (“Panorama Airways”, “Centrum Air”, “Air Samarqand”, “Sayohat Air”, “Semurg‘”, “Silk Avia”) tashkil etish va ularning parkini 34 ta samolyotga ko‘paytirish, shuningdek, yangi 20 ta xorijiy aviakompaniyalarni jalb etish orqali erishiladi”, – deyiladi “Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmatining taqdim qilgan ma’lumotida.
Jalb qilingan yangi aviakompaniyalar va bundan olingan daromadlar
2022 yilda aeroportlarga 28 ta yangi aviakompaniya jalb qilinib, parvozlar tarmog‘i 73 ta yo‘nalishga kengaytirilgan.
Yo‘nalishlar quyidagicha taqsimlangan:
- MDH mamlakatlariga – 47 %
- Yaqin Sharq mamlakatlariga – 31 %
- Osiyoga – 15 %
- Yevropa mamlakatlariga – 7 %.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yuk tashuvi bo‘yicha ham ko‘rsatkichlarning o‘sishi kuzatilmoqda. O‘tgan yilda O‘zbekiston aeroportlarida 80 ming 100 tonna yuk va pochta jo‘natmalari yetkazilgan, bu esa 2019 yilga nisbatan 62 foizga ko‘p degani. 2023 yilda esa mazkur ko‘rsatkichni, jumladan, Navoiy aeroportini rekonstruksiya qilishni yakunlash va xalqaro yuk operatorini jalb etish hisobiga 95 ming 300 tonnaga (2022 yilga borib 19 foizga o‘sish) ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Yangi aviakompaniyalarni jalb etish va yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish hisobiga kompaniyaning 2022 yilgi daromadlari 2021 yilga nisbatan 44 foizga, eksport tushumlari esa 35 foizga oshdi. Tahlilchilariga ko‘ra, 2023 yilda daromadlar 32 foizga, eksport tushumlari 8 foizga o‘sishi kutilmoqda.
2022 yil uchun budjetga soliq to‘lovlari 2021 yilga nisbatan 159 foizga oshib, 560 mlrd 700 mln so‘mni tashkil etdi. 2023 yilda budjet tushumlarini 590 mlrd 800 mln so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.
Kiritilgan sarmoya, xarid qilingan texnikalar hisobi
Kompaniyaga ko‘ra, 2022-2022 yillarda aeroportlarni modernizatsiya qilish, axborot texnologiyalarini rivojlantirish va “lowcoster” modeli asosida hududiy aviatashuvchini tashkil etish maqsadida 2 trln 115 mlrd 100 mln so‘m sarmoya kiritilgan. 2023 yilda 2 trln 394 mlrd 800 mln so‘m sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
“Uzbekistan Airports” aeroportlarda eskirgan maxsus texnikalar parkini bosqichma-bosqich yangilamoqda. 2021 yilda 5 mln 200 ming dollarga 48 dona, 2022 yilda 14 mln 500 ming dollarga 112 dona maxsus texnika xarid qilingan. 2023 yilda 42 mln 700 ming dollar evaziga 199 dona maxsus texnikani yangilash zarurati mavjud.
Mavzuga oid
08:40 / 03.02.2026
2026 yildan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports nosohaviy xarajatlarni moliyalashtirmaydi
09:58 / 21.01.2026
O‘zbekiston aeroportlarida yo‘lovchilar soni 15 milliondan oshdi
12:23 / 31.10.2025
“O‘zbekiston temiryo‘llari” va Uzbekistan Airways xizmatlari tannarxi kamida 20 foizga pasaytiriladi – transport vaziri
16:02 / 06.10.2025