Jahon | 11:12 / 22.02.2023
10143
2 daqiqa o‘qiladi

«Shimoliy oqim»dagi portlashlar: BMT asossiz ayblovlardan tiyilishga chaqirdi

BMT Boltiq dengizidagi gaz quvurlarida portlashlar bo‘yicha tekshiruv natijalarini kutmoqda, dedi tashkilot bosh kotibi o‘rinbosari. Asossiz ayblovlar mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirish bilan tahdid qilmoqda, deydi Rozmari Dikarlo.

Foto: Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkiloti barcha manfaatdor tomonlarni «Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlaridagi portlashlar masalasida vazminlikka chaqirdi. «Biz mintaqada keskinlikni yanada kuchaytirishi va haqiqatni topishni qiyinlashtirishi mumkin bo‘lgan har qanday asossiz ayblovlardan qochishimiz kerak», dedi BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Dikarlo 21 fevral, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda. 

Jahon tashkiloti voqealarga oid hech qanday da’volarni tasdiqlay olmaydi va davom etayotgan milliy tergovlar natijasini kutmoqda, deya qo‘shimcha qildi Dikarlo. «Biz 2022 yil sentabr oyida Boltiq dengizi suvlarida nima sodir bo‘lganini aniq bilmasak-da, bir narsa aniq: voqeaga nima sabab bo‘lganidan qat’i nazar, uning oqibatlari  Rossiyaning Ukrainaga bosqini tufayli yuzaga kelgan xatarlardan biriga aylandi», - deb ta’kidladi BMT Bosh kotibi o‘rinbosari. «Urush boshlanganidan bir yil o‘tib, biz xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq uni tugatish uchun sa’y-harakatlarimizni ikki barobar oshirishimiz kerak», - deya xulosa qildi Dikarlo.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya, o‘z navbatida, Rossiya G‘arb davlatlarining portlashlarni xolisona tergov qilishdan manfaatdorligini sezmaganini aytdi. Avvalroq Moskva BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari o‘rtasida BMT Bosh kotibi shafeligida Boltiq dengizidagi «Shimoliy oqim» bilan bog‘liq hodisa yuzasidan mustaqil xalqaro tergov o‘tkazish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasini tarqatgan edi.

Mavzuga oid