O‘zbekiston | 13:29 / 22.02.2023
8119
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda universitet talabasi fuqaroning kartasidan 75,7 mln so‘m pullarni o‘g‘irladi

Talaba banklardan birida amaliyot o‘tagan paytda jabrlanuvchiga qo‘ng‘iroq qilib, sms-xabarnomani bilib olgan va uning kartasidagi pullarni boshqa kartaga o‘tkazgan.

Foto: IIV Kiberxavfsizlik markazi

Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi fuqaroning bank kartasidan 75,7 mln so‘mni o‘g‘irlab olgan talaba yigit ushlangan. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Termiz shahrida yashovchi M.Sh. IIBga ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs bank kartasidan 75,7 mln so‘m pullarini yechib olganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va pullarni qaytarishda yordam so‘ragan.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar davomida, ushbu jinoyatni universitetlardan birining 4-kurs talabasi, 25 yoshli M.A. sodir etgani ma’lum bo‘lgan.

Surishtiruvda aniqlanishicha, M.A. bank filiallaridan birida amaliyot o‘tayotgan vaqtida bank tizimi orqali notanish shaxsning bank kartasini faollashtirgan.

U jabrlanuvchiga qo‘ng‘iroq qilib, bank xodimi ekanini aytgan va sms-xabarnomani qo‘lga kiritib, kartadagi barcha pullarni boshqa bank kartasiga o‘tkazgan. So‘ng turli bankomatlar orqali kartadagi pullarni yechib olgan.

Qayd etilishicha, M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid