Jahon | 08:42 / 23.02.2023
10772
2 daqiqa o‘qiladi

BMT Ukrainadagi urushda yadro qurolidan foydalanmaslik haqida ogohlantirdi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida taktik yadro qurolidan foydalanish qabul qilinishi mumkin emas, dedi Antoniu Guterrish BMT Bosh Assambleyasining favqulodda sessiyasida.

Foto: Reuters

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida yadro qurolidan foydalanmaslik haqida ogohlantirdi. «Taktik yadro quroli deb atalmish qurollardan foydalanishni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Undan chekinish vaqti keldi», dedi u 22 fevral, chorshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining favqulodda sessiyasi ochilishida. «O‘tgan yil davomida biz nafaqat azob-uqubat va vayronagarchiliklarga guvoh bo‘ldik. Bundan ham battar bo‘lishi mumkinligi tobora ayon bo‘lmoqda», - dedi Guterrish.

Xuddi shunday bayonotni Bosh Assambleya raisi Chaba Kereshi ham berdi. U Rossiyani «qon to‘kilishiga chek qo‘yishga» chaqirdi.

Bundan tashqari, BMT Bosh kotibi Ukrainaning barcha atom elektr stansiyalari xavfsizligini ta’minlash zarurligini ta’kidladi. Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Yevropadagi eng yirik atom inshooti Zaporijjya atom elektr stansiyasi atrofida janglar davom etmoqda, dedi Guterrish.

BMT Bosh Assambleyasining navbatdan tashqari sessiyasi Rossiyaning qo‘shni davlatga harbiy bostirib kirganining bir yilligi arafasida bo‘lib o‘tmoqda. 23 fevral kungi tadbirda o‘nlab yuqori martabali siyosat va davlat arboblari, jumladan, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya diplomatiyasi rahbari Jyeyms Kleverli so‘zga chiqadi. Kutilishicha, yig‘ilish ishtirokchilari Moskvani o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid