Telegram-kanallarida sobiq ittifoq davrida zarb etilgan hamda Lenin tasviri tushirilgan so‘lkavoy (qiymati 1 rubl (so‘m) bo‘lgan tanga) 8 mln rubl (ayni paytdagi kurs bo‘yicha 105-110 ming dollar) turishi iddao qilingan video tarqalmoqda.
Videoda bunday tanganing tavsifi ham keltirilgan. Unga ko‘ra, tanganing old qismida Leninning chap tarafga qaragan tasviri hamda 1870–1924 yozuvi, orqa tarafida esa 1962 yil yozuvchi tushirilgan bo‘lishi kerak.
Vasvasa sindromi
Allaqachon bu mavzu internetning o‘zbek segmentida aks-sado berib ulgurdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelishi yo kelmasligini so‘rayotganlar ko‘paygan. Jumladan, Dilfuza Shokirova Facebook’dagi Maslahat.uz guruhida shunday yozadi:
“19 ta Lenin tangasi borakan. Internetda ular 110 ming dollar turadi degan video tarqalganini ko‘rib buvim: “Tez sotib beringlar” deb ko‘tarib kelibdilar. Iltimos, shu so‘lkavoy tangalarni narxi qanchadan va kimga sotsa bo‘ladi, bilganlar aytvoringlar”.

Ushbu post muhokamalarga sabab bo‘lgani, Facebook foydalanuvchilari tomonidan ko‘plab izohlar yozilganini ko‘rish mumkin.
“Bir tiyinga ham olishmaydi”, deb yozgan Azizjon Imomov.
“Yolg‘on xabar – bu, safsata hammasi”, deya fikr bildirgan Elyor Hazratov.
“Ikki yil oldin 16 kg gantel tosh qidirib yurganlar, o‘n-o‘n besh yil oldin Zinger tikuv mashinasini qidirib yurganlar haliyam mo‘jizaga ishonib yurishgan ekan-da”, degan Davron Xoliqov.
“Biror kishida bir qop bor shekilli. Shunaqa gap tarqatib keyin tangani ahmoqlarga pullaydi. Bu antikvar ham emas, noyob tangayammas. Mabodo sotib olgingiz kelsa, 10 ming so‘mdan qimmatga olmang”, deb yozgan Begzod Rahmonov.
“Bu – firibgarlarning o‘yinlari. Ishonmang! Bular oldin o‘zlari reklama qilishadi va talab oshib ketgach o‘zlaridagi tangalarni sotishadi. Ulardan olib qimmatga sotishni xomxayol qilganlar o‘rtada puliga kuyib qolishadi. Shov-shuv tarqatib, hammani vasvasaga solgan firibgarlar pul qilib qolishadi”, deya ta’kidlagan Davron Ismatov.


















