Jahon | 11:03 / 27.02.2023
10229
2 daqiqa o‘qiladi

MRB boshlig‘i Xitoy Rossiyaga qurol berishi ehtimoli haqida gapirdi

Xitoy rahbariyati Rossiyaga yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini o‘rganmoqda, dedi AQSh razvedkasi rahbari. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bayden ma’muriyati buning oldini olishga harakat qilmoqda.

Foto: AP

Qo‘shma Shtatlar Xitoyning Ukrainaga qarshi urush uchun Rossiyaga qurollar yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganiga, biroq hali yakuniy qaror qabul qilinmaganiga «ishonchi komil». Bu haqda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Uilyam Berns 25 fevral, shanba kuni CBS News telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Biz Xitoy rahbariyati qurol (Rossiyaga) berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganiga ishonchimiz komil», — dedi Berns. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy rasmiylari hozircha hech qanday qarorga kelmagan va AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Markaziy razvedka boshqarmasi razvedka ma’lumotlari bilan bo‘lishib, ularni bunday qadamdan ogohlantirishga harakat qilmoqda.

«Biz yakuniy qaror qabul qilinganini va qurollarning haqiqiy yetkazib berilganiga oid dalillarni ko‘rmayapmiz. Shuning uchun, menimcha, kotib Blinken va prezident buning oqibatlari qanday bo‘lishini aniq tushuntirishni muhim deb bilishdi», - dedi Markaziy razvedka boshqarmasi direktori. Bernsning qo‘shimcha qilishicha, Pekin Moskvaga qurol yetkazib berishi «juda xavfli va oqilona bo‘lmagan harakat» bo‘ladi.

Markaziy razvedka boshqarmasi direktorining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy rahbari Si Jinping ayniqsa «Vladimir Putinning Ukrainadagi tajribasi, urush rivoji»ni diqqat bilan kuzatmoqda. «Menimcha, u ko‘p jihatdan ko‘rgan narsasidan tushkunlikka tushdi va hushyor holatga keldi», deb xulosa qildi Berns.

O‘tgan hafta AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken CBS Face the Nation dasturiga bergan intervyusida Xitoy Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida «yordamni ko‘rib chiqayotganini» aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yordam «o‘q-dorilardan tortib qurollargacha» bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid