O‘zbekiston | 10:16 / 01.03.2023
11910
3 daqiqa o‘qiladi

DXX 56 kilogramm "opiy" va "gashish" giyohvandlik vositalarini musodara qildi

Sirdaryoda Tojikistondan 47 kg giyohvand moddalarni olib o‘tgan narkokurerlar ushlandi.

Videodan kadr

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan 56 kg “opiy” va “gashish” giyohvandlik vositalari musodara qilindi. Bu haqda DXX xabar bermoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Tojikistondan mamlakatga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan 4 kg 810 gr “opiy” va 42 kg 892 gr “gashish” moddalari to‘xtatib qolindi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Marg‘ilon shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan shaxs Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi tanishi bilan birga Beshariq tumanidagi chegara nazorat o‘tkazish punkti orqali Tojikistonning So‘g‘d viloyati Zafarobod tumaniga borgan.

U yerda mahalliy narkosavdogar bilan uchrashib, yuqorida keltirilgan ajal og‘usini 10 ming AQSh dollari evaziga Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hududiga o‘tkazib berishga kelishgan. Kurerlar narkotik moddalarni davlat chegarasidan o‘tkazgan vaqtlarida qo‘lga olindi.

Yashash xonadonida 7 kg 331 gr “opiy” moddasini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan, Urgut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga nisbatan DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida uning ko‘rsatmasi asosida qarindoshining uyidan 6 kg 403 gr “opiy” moddasi qo‘shimcha ashyoviy dalil sifatida olindi. Ushbu narkotik moddalar ham Tojikistondan olib kelingan.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Yuqori Chirchiq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tagan 2 nafar fuqaro 1 kg 399 gr “gashish” moddasini 15 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtlarida ushlandi. Bu holatda narkotik modda Qirg‘izistondan olib kelingan.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ularning yonlari va xonadonlari ko‘zdan kechirilganda Qirg‘izistondan keltirilgan jami 546 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Hozirda barcha holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Mavzuga oid