Ukrainada urush Markaziy Osiyo davlatlari siyosiy elitasi ongida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lyapti. Mana shu fonda AQSh va kollektiv G‘arb mintaqaga e’tiborini pasaytirmayotganini ko‘rsatmoqchi. Kun.uz muxbiri AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning Markaziy Osiyoga tashrifi, undan kutilayotgan natijalar va urush atrofidagi voqealar yuzasidan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.
— Birinchi umumiyroq savol beraman. Blinken nima uchun Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrif buyurdi?
— Har 2-3 yilda AQSh davlat kotibi Markaziy Osiyoga kelib turadi. Chunki possovet hududida eng muhim mintaqa va makrohudud Markaziy Osiyo. AQShning 90-yillar ikkinchi yarmida ishlab chiqilgan geosiyosiy strategiyasi mavjud. Unga ko‘ra possovet hududida bir qancha muhim mintaqalar mavjud va ular Rossiya orbitasidan imkon qadar uzib olinishi, kollektiv G‘arbga, ya’ni YeI va NATOga a’zo bo‘lishi maqsadga muvofiq deb tavsiya qilingan. Ukraina Rossiya orbitasidan chiqib ketdi va urush boshlanganiga bir yil bo‘ldi.
Hozir global mintaqadagi geosiyosiy kontekst nihoyatda qiziq va qizg‘in. Birinchi sabab Ukrainada urush boshlanganiga bir yil bo‘ldi va bu davrda Markaziy Osiyo siyosiy elitasi ongida katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Lekin bu o‘zgarishlar o‘zining rasmiy ifodasini kutyapti. Kutayotganiga sabab esa Moskvada hokimiyat darajasidagi o‘zgarishlar bo‘lgani yo‘q. Albatta, yaqin yillarda bo‘ladi deb o‘ylayman. Putinning hokimiyat tepasiga kelganiga 22 yildan oshdi.
Kollektiv G‘arb va AQSh 21 asrdagi o‘zining eng asosiy raqibi deb Xitoyni ko‘radi. Xitoy bu — mintaqaning eng yaqin hamkorlaridan biri. Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Xitoy bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri chegaradosh. Andijondan Xitoy hududigacha bor-yo‘g‘i 150 km, ya’ni hozirgi globallashgan dunyoda katta masofa emas. Mana shu fonda AQSh va kollektiv G‘arb mintaqadagi homkorligini qaytadan urg‘ulash niyatida. Ya’ni biz mintaqaga e’tiborni pasaytirayotganimiz yo‘q va hamkorlikni juda qadrlaymiz, demoqchi. Qozog‘istondagi eng yirik sarmoyadorlardan biri AQSh. Mintaqada Qozog‘iston iqtisodiy lider bo‘lsa, xavfsizlik va geosiyosat masalalarida O‘zbekistonning mutlaq ahamiyatli o‘rni bor va bu o‘rinni hech kim almashtira olmaydi. Shuning uchun ham possovet hududida Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston AQSh uchun eng muhim bo‘lgan davlatlar hisoblanadi. Blinkenning kelishi esa G‘arb bilan aloqalarni qaytadan yangilash va mustahkamlashga qaratilgan.
Birinchi masala, Rossiyaga qo‘yilayotgan sanksiyalarni aylanib o‘tishga yordam bermaslik. Ikkinchi masala, mintaqa huquqiy, demokratik, inson huquqlarini hurmat qiladigan hududga aylanishi kerakligi. Shunda mintaqaning raqobatbardoshligi oshadi, ichki siyosatda ancha barqaror davlatlarga aylanadi va natijada tashqi siyosatda mustaqil geosiyosiy kursni amalga oshirish imkoni paydo bo‘ladi. Odatda tashqi siyosat ichki siyosatning davomi bo‘ladi.








