O‘zbekiston | 17:03 / 07.03.2023
29548
12 daqiqa o‘qiladi

Cheklangan chorvachilik, klasterchi hokim va “Parpiyevning odamlari”. Tadbirkor dodini kimga aytsin?

“Klasterlar cheksiz rivojlanish imkoniga ega, biz kabi go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar esa ma’lum bir nuqtada to‘xtashimiz kerak, chunki rivojlanish istiqboli yo‘q”.

O‘z mablag‘iga Yevropadan naslli qoramollar olib kelib, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan, keyinchalik muammolar girdobida qolib ketgan investor Aziz Mirzakarimov bilan suhbat uyushtirgan edik. Quyida bu intervyuning davomini e’tiboringizga havola qilamiz.

— Savdo-sanoat palatasi tashkil qilgan yig‘ilishda chorvachilik muammolari aytildi. Ammo shundan keyin Veterinariya qo‘mitasi ularni inkor qilishni boshladi. So‘ng esa chorvachilikka beriladigan subsidiyalarni 2 barobarga kamaytirish to‘g‘risida qaror chiqyapti... Holbuki, oldingi qarorda 2023 yil oxirigacha deyilgan edi. Aftidan, qo‘mitaning chiqishlaridan so‘ng, yuqorida “biz chorvachilikka ko‘p yordam berib yuboryapmiz ekan, ularda hammasi yaxshi ekan”, degan tushuncha paydo bo‘lgan.

Veterinariya qo‘mitasi xodimlari bergan intervyularida go‘sht-sut mahsulotlarining narxi arzonlashishiga subsidiyalar orqali erishdik, deyapti. Biz sotadigan sut narxi – xomashyo narxi, tayyor mahsulotniki emas. Tayyor mahsulot 10-15 ming so‘m atrofida. Sut xomashyosini sotish narxi fermer uchun juda past: 4500 dan 5500 gacha. Sutning tayyor bo‘lish tannarxi esa 4000-4500 ga boradi. Eng qimmat sotadigan fermer ham uzog‘i bilan 1000 so‘m foyda qiladi. Go‘sht ham shunday. Fermerdan chiqib ketish narxi past, bozorda sotish narxi – boshqa.

Masala vazirliklar ishtirokidagi yig‘ilishda ko‘tarildi. Demak, muammo mavjud. Tayyor go‘sht-sut mahsulotlari qimmat. Biz subsidiyaga muhtojmiz. Hozirgi bosqichda bizga bu juda zarur. Berilayotgan subsidiyani 2 barobar pasaytirish ham bizga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda mahsulot yanayam qimmatlashishiga olib keladi. 2022 yil 3-4-choragi uchun subsidiyalar to‘langani yo‘q. Shaxsan mening fermer xo‘jaligimning 100 mln so‘m atrofida subsidiyasi turibdi davlatda. Bu subsidiyani olish uchun 5-6 ta idora vakillaridan imzo olasiz. Hamma yoq elektron tartibda bo‘lishi belgilanib, talab qilinishiga qaramasdan, vaqtida imzolamay, mutasaddilar sizning kelishingizni talab qiladi.

To‘lashga kelganda esa telefonlarga javob berishmaydi. Respublika chekkasidan subsidiyani qachon to‘laysizlar, deb necha marta kelib ketish mumkin? 2-chorak: aprel, may, iyun oylari subsidiyasini oktabr yoki noyabr oyida tushirdim. Janjallar bilan.

Veterinariya qo‘mitasiga nega subsidiyamni bermayapsizlar, desam, bahonasi bunday bo‘ldi: fermerlar kooperatividagi chorvadorga ortiqcha subsidiya berib yuborilibdi, o‘sha pulni qaytarib bersa, keyin tushirib berar ekan... Ko‘cha tizimida ishlashyapti! “Xodimingiz qilgan aybga men javob beramanmi?”, – desam, Coliq qo‘mitasiga ro‘yxat berganmiz, ular javob bermayapti, deydi. Soliqlarimning hujjatini o‘zim olib borib beraman, desam, ungayam ko‘nishmadi. Shunaqa tortishuvlardan keyin tushdi subsidiya. Shu ozgina pulniyam janjal qilib tushirasiz.

Eng qizig‘i, “subsidiyaga pulni yetkazolmay qoldik”, deyishadi... Axir, Moliya vazirligining rejasi bor! Budjet ko‘rib chiqilgan! Demak, qishloq xo‘jaligi bo‘limlari statistik ma’lumotlarni ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzadi.

Go‘sht yo‘nalishidagi chorvadorlar ham subsidiya olib yotibdi sut uchun... Ya’ni sutni qayta ishlovchi mahalliy tashkilot xonadonlardan yig‘adigan sutni fermer nomiga yozadi, fermer esa subsidiya olib ishlab chiqaruvchi bilan bo‘lishadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar soliqdan qochuvchi, qora bozordan xomashyo oluvchi, kamiga subsidiya olib yotsa, men jabr ko‘rishim kerakmi? Kim yechadi bu muammoni?

— Inqirozga uchrayman bu ketishda deyapsiz. Asosiy omillarni sanab berolasizmi?

— Birinchi navbatda qoramollar sonining ozayishi. Faoliyat turi tashkil etilayotganda davlat tomonidan kafolatlangan – sohaning asosiy tayanchi bo‘lgan ozuqa bazasini yaratib beruvchi vosita – yer bilan ta’minlash. Fermerlar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, yuqori mahsuldor mollar uchun har bir boshiga 50 sotix sug‘oriladigan ekin yeri yoki 2 gektardan sug‘orilmaydigan ekin yeri ajratilishi nazarda tutilgan. Yetarlicha yer berishmagani uchun kerakli ratsionni qilib berolmayapmiz. Ekin yerimiz mol boshiga 20 sotixdan ham to‘g‘ri kelmaydi.

Chet eldan mol olib kelganimizda soni 96 bosh edi, shunga ko‘ra 48 gektar yerimiz bo‘lishi kerak edi, ammo yarim yil o‘tgachgina 20 gektar yer ololdik. Yana bir yildan keyin 8 gektar yer oldik. Ammo bu vaqt oralig‘ida mollar ko‘paydi ham. Ozuqa zaxirasini naqd pulimizga qildik. Shuning uchun tannarx ko‘tarilib ketdi.

Quruq yog‘li yemlar (kunjara, shulxa, kepak) masalasi ham bor. Bularni olishdayam katta muammolar mavjud, soha monopollashtirilgan. Sutning yog‘li bo‘lishi, go‘sht uchun boqiluvchi mollarning tez semirishi omili – yog‘li yemlar.

Bu mahsulotlar “O‘zdonmahsulot” AJ tomonidan birjaga qo‘yiladi. Mahsulot tarkibi keltiriladi, lekin aslida tarkibga mos mahsulot bo‘lmaydi. O‘z moddiy manfaatlarini ko‘zlab, mahsulotga mollarga zarar yetkazuvchi har xil moddalar qo‘shishyapti. Masalan, maydalangan harsang tosh. Birjadan tashqaridagi xususiy zavodlardan sotib olish imkoni bor, lekin ular hisob fakturaga ikki barobar arzon narx yozib berishadi va o‘zlari soliqdan qochadi shu orqali.

Don mahsulotlari omborlarida kepak turadi, lekin qasddan birja savdolariga qo‘ymaydi. Talab kuchaygan paytda baland narxda sotishadi. Odamlar sifatga qaramay ola boshlaydi. Olayotgan mahsulotlaringizning sifatini tekshiruvchi laboratoriyalar, mexanizm yo‘q. Birja platformasi orqali savdoga qo‘yilyaptimi, sifatiga kimdir javob berishi kerak.

Sutni qayta ishlovchiga “yem narxi ko‘tarildi, mutanosib ravishda sut narxini ko‘taringlar”, deb bo‘lmaydi. Biz qayta ishlovchi korxonaga qarammiz, bunday korxona oz.

Chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha idoralar tomonidan bosim bor. Uch marta dalolatnoma qilib ketishdi. Ammo moli yo‘q, lekin ko‘p yeri bor fermerlar bor. Ular ozuqa yetishtirib, bizga o‘xshagan yersizlarga sotyapti... Bu holatdan tumandagi qaysidir mutasaddilar manfaatdor.

Bizning tumanda eng katta klaster egasi tuman hokimi bo‘ldi... Hozir, e’tirozlardan so‘ng, hujjatlarda o‘zgartirish qilib qo‘yishdi. Hokim bo‘lgach, yerlarni zaxiraga qaytarish o‘rniga, Vazirlar Mahkamasi qaroriga qaramasdan, chorvasi yo‘q fermerlarga o‘z manfaati yo‘lida paxta va g‘alla ektirishni boshladi, yerni olib qo‘ymaslik evaziga... Bunday harakatlar bilan chorvadorlarni o‘ldirishyapti.

Klasterlar cheksiz rivojlanish imkoniga ega. Biz esa ma’lum bir nuqtada to‘xtashimiz kerak... O‘zbekistonda go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning rivojlanish istiqboli yo‘q, turg‘un holda ushlab turishibdi.

Klaster-hokim meni cho‘ktirishni oliy maqsad qilib olgan. Chorva binosini qurishni boshlagan paytimdayoq. Bizga ajratilgan yer maydonining bir qismi paxtasanoat majmuyi aktivlaridan edi. Prezident farmoniga ko‘ra, auksion orqali olganmiz. Bular kelib “bu yer bizniki bo‘lishi kerak edi, bo‘shatib qo‘y”, – deyishdi. U paytda hokim emasdi. “Mening hujjatim bor, sizlarda yo‘q, e’tirozni hokimlikka bildiringlar”, – desam, “bizning ortimizda kim turganini bilasanmi – orqamizda Parpiyevlar turibdi, molxonalarni yo‘qot”, – dedi klaster rahbari, hozirgi hokimning xolasining o‘g‘li. “Biz bu yerda MTP qilamiz, ammiak saqlanuvchi bochkalar turadi, kechqurun bochka ochilib ketib, mollaring o‘lib yotgan bo‘ladi ertalab” dedi... “Odamlar-chi, ular ham o‘ladimi? Bu yerda odamlar yotib ishlaydi”, – dedim. Hujjatlar qilishib, kadastr bo‘limidan o‘ziga tegishli odam bilan kelishdi. Bo‘lmadi. Mening hujjatlarim Toshkentdan o‘tgan edi, hech narsa qilolishmadi.

Qurilish qilayotgan paytim u aytgandek ammiak bochkani ochib yuborishdi. “To‘xtatinglar, aholi yashaydigan joy, bolalar yuribdi”, desam, “qayerga borsang bor, ortimizda prezident turibdi”, deyishdi. Ekologiya boshqarmasiga chiqsam, men aralashmayman, katta odamlar turibdi, kallam ketadi, deb aralashmadi. SESga bordim, ular ham Ekologiya idorasi aytgan gapni aytdi. Prokuraturaga bordim, qog‘ozga tushirib keling, deyishdi. Qaytib borib, tayanch punktidan nozirni olib chiqib, holatni tasvirga oldirdim. Mahalla ham o‘z e’tirozini bildirdi. Keyin “xatolik bo‘libdi” deyishdi... Boshqa qaytarilmaydi deyishdi-yu, lekin bu holat yana 4 marta qaytarildi. Har safar biror prokuror yordamchisi, ichki ishlar xodimi o‘rtaga tushadi. Hamma tashkilotlarga xat jo‘natganman, lekin hech qanday natija yo‘q.

Yaqinda yana bir holat bo‘ldi. Kuz edi, adashmasam. Ikkita ishchim tizzalab o‘tirib qolgudek darajada ammiak tarqab ketdi. Yana uchastka noziri, profilaktika inspektorini olib keldim. MTP rahbari ichkariga kiritmay, endi qaytarilmaydi, dedi. Viloyat ichki ishlar bo‘limiga telefon qildim, ular mahalliy xodimlarni jo‘natishdi. Hujjatlarni qilib, prokuraturaga xat tashladim. Prezident apparatiga nusxasini jo‘natdim. Shug‘ullanish boshlandi deb javob keldi. Orada 15 kun vaqt o‘tkazib yuborishdi. SES xodimi kelib, “ammiak bor-yo‘qligini isbotlolmaymiz, kirishga haqqimiz ham yo‘q”, dedi.

Kim kafolat beradi bu holat yana takrorlanmasligiga? Uxlab yotganimizda shunday bo‘lsa-chi? “Qilaman” degan ishining hammasini qilyapti.

Prezident apparati, Bosh prokuraturani shikoyat xatlarim bilan to‘ldirib tashladim. Xatlarni tumanga qaytarishadi. Tuman prokurori, sektor rahbarlari ertalabdan kechgacha hokim bilan birga. Shu odamlar hokimga qarshi qonuniy ish ko‘rishiga ishonasizmi? Men ishonmayman. Ish tumanga keladi va yopilib ketadi. Bosh prokuratura xodimlari ishtirokida tekshirib beringlar holatni, deb necha marta aytdim, lekin yana tumanga qaytarishadi. Vazirlar Mahkamasiga bordim. Onlayn tizim qilganmiz deb qabul qilishmadi boshida. Bir xodim tushdi, lavozimi va ism-familiyasini so‘rasam, “Rustam desangiz hamma taniydi” deb telefon raqamini yozib kirib ketdi. Bir-bir yarim oydan keyin telefon qilib, “yana tumanga qaytaribsizlar, natija yo‘q”, desam, “men nima qilay, har oy 20-30 ming atrofida murojaat bo‘ladi, har bitta murojaatni nazorat qilgani vaqt yo‘q, mutaxassis yetmaydi”, deb aytdi. “Bo‘lmasa, qabulxonalarni yopib qo‘yinglar, tuman hokimi – xon, shunga moslashib yasha deb aytib qo‘yinglar, demokratik jamiyat quramiz demanglar, feodal mamlakatmiz deb qo‘yinglar”, – dedim.

Yaqinda Bosh prokuraturaga bordim, odam to‘la. Hammasining dardi shu: ishlari tumanga qaytarib yuborilgan, tuman yopib yuborgan.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Шокир Шарипов
Muallif Шокир Шарипов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid