So‘z erkinligi nimaga kerak? Deylik, jamiyat uchun ahamiyatli bir soha bor. Ammo o‘sha soha jamiyat nazoratida emas, ko‘zidan panada. Natijada o‘sha soha parokanda bo‘ladi va jamiyat hayoti jiddiy xatar ostida qoladi.

Savdo-sanoat palatasi o‘tkazgan davra suhbatlarida qatnashgan edim, yig‘ilishlardan birida bir chorvador yigit chiqish qilib, muammolarni gapira ketdi. U gapirayotgan mahalda telefoniga soha mansabdorlari tomonidan qo‘ng‘iroqlar qilina boshlandi: “gapirma” degan ma’noda.

“Gapirma”...

Xo‘sh, gapirmadik ham, gapirmaslik oqibatida sohalar batamom tanazzulga uchrasa, kimga foyda-yu, kimga zarar? Bir kun kelib baribir ochiladimi? Yo ochilmaydimi? Ammo bu eng muhimi emas – bir kunlik “tinchlik” oqibatida el boshiga katta muammolar kelishidan qo‘rqmaymizmi?

Ommaviy axborot vositalarini ba’zilar o‘zi uchun dushman deb biladi, so‘z erkinligini yomon ko‘radi. Biroq shu – so‘z erkinligi bo‘lmasa, jamiyat jar yoqasiga kelib qolishini tushunishmaydi. Oxirgi 6 yilda OAV faoliyati sabab ochilgan muammolarning hisobi yuritilayotgani yo‘q. Farazan, bunday hisobot mavjud bo‘lganda edi, aminmanki, shu 6 yil ichida aynan so‘z erkinligi sabab mamlakat jar yoqasidan uzoqlashganini tushungan bo‘lardik. Jar esa shunday bir narsaki, hammani ajratmasdan bag‘riga tortib ketadi.

Nega bu haqda gapiryapman? Chunki so‘z erkinligi biz uchun hayotiy ehtiyoj ekanini hali ko‘pchiligimiz anglaganimiz yo‘q – uning yo‘qolishini istaydiganlar ko‘p. Korrupsionerlar-ku mayli – ular alohida guruh – biz... buni tushundikmi?

Yig‘ilishda gapirgan o‘sha yigit – chorvador Aziz Mirzakarimov bilan bog‘landim, suhbatlashdim. Keling, uning ichida yig‘ilib qolganlarni tinglaylik.

Aziz Mirzakarimov

— Bilishimcha, siz Rossiyada biznes qilib yurgansiz, binoyidek biznesingiz bo‘lgan, 2018 yilda O‘zbekistonga qaytgansiz va chorvachilik bilan shug‘ullana boshlagansiz. Nima sabab bo‘ldi qaytishingizga?

— Birinchi navbatda – bolalarimizning kelajakdagi xavfsizligi. Qaytib kelish masalasi doim bor edi. Faqat, qaytganimizda nima qilamiz, 12-14 yil davomida topilgan mablag‘larimiz daxlsizligi kafolati bormi, degan savollar bo‘lgan. O‘zbekistondagi qarindoshlar bilan gaplashdik, yangiliklarni kuzatdik. Prezidentimizning AQShga borganda, o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan uchrashib, O‘zbekistonga qaytib biznes qilishni so‘ragani va barcha yordamlar berilishini aytgan videolavhani ko‘rib qoldim. Eng asosiysi, pul mablag‘lari olib kirishda hech qanday cheklov yo‘qligi, prezident tomonidan kafolatlangani bo‘ldi. O‘zbekistonga qaytamiz, degan qarorga keldik.