O‘zbekiston | 11:17 / 07.03.2023
18207
3 daqiqa o‘qiladi

Davlatning musulmonlarni umraga yuborishi – dunyoviylik tamoyiliga zidmi?

O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati odamlarning dindorlik darajasi bilan kurashib keldi. Ikkinchi ma’muriyat esa kam ta’minlangan musulmonlarni umra ziyoratiga yuborishda ham yordam ko‘rsatmoqchi. “Davlat odamlarning diniy erkinliklarini ta’minlab berishi va o‘zi bu ishlarda neytral qolishi kerak” degan xalqaro standartlarga ko‘ra ham, umra ziyoratiga yordam berilishi – demokratik tamoyillarga moyillikni anglatadi.

Fevral oyida, prezident Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga safari jarayonida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbari, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov prezidentga yuzlanib: “Kam ta’minlangan musulmonlarni umraga yuborishda davlat tomonidan yordam berilsa edi” degandi. Bunga javoban, prezident: “Davlat yordam berishga tayyor, faqat haqiqatda kam ta’minlangan musulmonlar ro‘yxatini diniy idora taqdim qilishi kerak” deya, so‘rovni ijobiy qabul qildi.

Bu tashabbus, tabiiy ravishda, O‘zbekiston jamiyatida turfa talqinlar bilan qabul qilindi. Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lsa, musulmonlarni davlat budjeti hisobidan umraga yuborish amaliyoti dunyoviylik tamoyillariga qanchalik to‘g‘ri keladi?” degan savollar ham bildirildi.

Haqiqatda, dunyoviylikning asrlar davomida shakllangan tamoyillar mavjud. Har bir shaxs erkin bo‘lishi kerak. Vijdon va din erkinligi – insonning fundamental huquqlaridan. Qolaversa, barcha insonlar qonun oldida teng bo‘lishi kerak. Demak, insonlarning erkin bo‘lishi va qonun oldida tenglik talabi, real hayotda juda ko‘plab ziddiyatlar, kolliziyalar keltirib chiqaradi.

Sababi oddiy: dinlar va vijdoniy qarashlar – oliy haqiqatlar haqida bo‘ladi, shuning uchun, diniy va vijdoniy qarashlarda boshqa qarashlardan nisbatan yopiqlik bo‘ladi. Aynan shuning uchun ham, diniy va vijdoniy qarashlar va ularning tarafdorlari o‘rtasidagi ziddiyatlar, abadiy hisoblanadi.

Xo‘sh, dunyoviylik tamoyiliga ko‘ra, davlatning, boshqaruv institutlarining pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerak? Dunyoviylikka ko‘ra, davlatning asosiy vazifasi – bu, vijdoniy va diniy masalalarda imkon qadar neytral bo‘lish, va shu yo‘l bilan, bir tomondan, odamlarning erkinliklarini himoya qilish, ikkinchi tomondan, ularning qonun oldidagi tengligini ta’minlash hisoblanadi.

Xo‘sh, davlat yordamida, davlat budjeti hisobiga, kam ta’minlangan musulmonlarning umraga yuborilishi, dunyoviylik tamoyillarini buzadimi? Bu o‘rinda, qandaydir buzilishlar bormi? Nazarimda, bu o‘rinda, ikki qadriyat to‘qnashmoqda. Bu – dunyoviylik va demokratiya. Dunyoviylikka ko‘ra, hukumat neytral qolishi muhim. Demokratiyaga ko‘ra, hokimiyat odamlarning ehtiyojlariga muttasil ravishda “ha” deb javob berishi muhim.

Demokratiya – bu ko‘pchilikning irodasiga ijobiy javob berish. O‘zbekiston aholisining mutlaq aksariyati, davlatning kam ta’minlangan musulmonlarni umraga yuborish amaliyotini, to‘liq ijobiy deb qabul qiladi.

Dunyoviylikka ko‘ra esa, davlat neytrallikni buzganda ham, boshqalarning sha’ni, qadr-qimati va xavfsizligiga hech bir shaklda daxl qilmasligi kerak. Umraga yuborishda esa, boshqalarning qadr-qimmati, sha’ni va xavfsizligiga tahdid mavjud emas.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid